Farg‘onada opa-uka narkosavdogarlar qo‘lga olindi

Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan opa-uka qo‘lga olindi. Bu haqda “Millar” informatsion dasturi ma’lum qildi.
Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti, uning hududiy bo‘linmalari hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, avval Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi bilan sudlangan ayol, o‘z ukasiga 1 kilogramm 50 gramm gashish giyohvandlik vositasini yuborayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. U ushbu moddani o‘zlariga tanish bo‘lgan narkokuryer orqali yetkazib berishga uringan.
Surishtiruvlar davomida opa va uka jinoiy sherik ekanligi hamda ular avval ham Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan sudlangani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 6-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda sintetik giyohvand moddalarni tarqatib kelgan 44 nafar “zakladchik” ushlangan edi. Boshqa bir holatda esa Rossiyadan O‘zbekistonga shokoladlar niqobi ostida narkotik yuborilgani aniqlangandi.

