DXX tezkor tadbirlarida 11,7 kg «gashish» musodara qilindi
Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar va bojxona organlari hamkorligida Namangan va Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida qo‘shni davlatdan olib kelingan jami 11,7 kilogramm «gashish» musodara qilindi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

DXX tezkor tadbirlarida jami 11,7 kg "gashish" giyohvandlik moddasi olib qo'yildi.
Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko'ra, Namangan shahrida harakatlanayotgan Nexia avtomobili to'xtatilib tekshirilganda, yo'lovchidan 944 gramm "gashish" topilgan. Dastlabki tergovda aniqlanishicha, bu shaxs giyohvand moddani Namanganda yashovchi narkosavdogardan 9900 AQSh dollariga sotib olgan.
Shundan so'ng o'tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi narkosavdogar qo'lga olinib, undan 9200 AQSh dollari va 18,4 million so'm pul ashyoviy dalil sifatida olingan. Keyingi bosqichda esa ularga giyohvandlik vositasini yetkazib bergan Andijon viloyatidan bo'lgan ikki shaxs harakatlanayotgan Lacetti avtomashinasidan 9 kilogramm 801 gramm "gashish" musodara qilingan.
Toshkent viloyatida o'tkazilgan tezkor tadbirda esa Bekobod shahrida "zakladka" usulida yashirib ketilgan 977 gramm "gashish"ni qabul qilib olayotgan 1985 yilda tug'ilgan mahalliy fuqaro qo'lga olingan.
Har ikki holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishlari qo'zg'atilgan bo'lib, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

