Mahalliy

Namangan shahri sobiq hokimi 11 yilga ozodlikdan mahrum etildi

U 60 ming dollar pora olishda gumonlanib ushlangandi.

Namangan shahrining sobiq hokimi 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati sudlari xabar berdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tuman sudining 2026-yil 7-avgustdagi hukmiga ko‘ra, 1972-yilda tug‘ilgan Anvar Otaxo‘jayev, Namangan shahar hokimi lavozimida ishlagan vaqtida, Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bo‘yicha aybdor deb topildi. Xususan, unga 167-modda 3-qismi “a” bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-modda 3-qismi “v” bandi (firibgarlik), 205-modda 2-qismi “a” bandi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 206-modda 2-qismi “a” bandi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 207-modda 1-qismi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash), 209-modda 2-qismi “a” bandi (mansab soxtakorligi) va 210-modda 3-qismi “a” bandida (pora olish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlik aybi qo‘yildi.

Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi 3-qismi tartibida, mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan ishlarda ishlash huquqidan 3 yil muddatga mahrum qilgan holda, jami 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha yana 3 nafar sudlanuvchiga 7 yildan 10,5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 2 nafariga 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari hamda 1 nafar sudlanuvchiga 3 yilga ozodlikni cheklash jazolari belgilandi.

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Farg‘ona viloyat sudiga apellyasiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirish huquqiga egaligi ma’lum qilinadi.

Anvar Otaxo‘jayev 2025-yil sentyabr oyida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga olingan edi. U 60 ming dollar miqdorida pora olishda gumonlanib hibsga olingan. Otaxo‘jayev Namangan shahar hokimi lavozimiga 2023-yil dekabr oyida tayinlangan edi.

jinoyatsudnamanganqamoq jazosiporaxo‘rlikkorrupsiyasobiq hokimanvar otaxo'jayev