Namanganda 22 yoshli yigit daryoga cho‘kib ketdi
G‘avvoslar uni izlash jarayonida suvga cho‘kib halok bo‘lgan boshqa bir fuqaro jasadini topishdi. Viloyat FVB hozirgi vaqtda qutqaruvchilar cho‘milish taqiqlangan joylarda cho‘kib ketgan bir nechta fuqaroni qidirayotganini ma’lum qildi.

Namanganda 22 yoshli yigit Sirdaryoga cho‘kib ketganidan so‘ng uni qidirish ishlari olib borilayotgan vaqtda boshqa bir fuqaroning jasadi topildi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (FVB) ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, 2026-yil 26-iyul kuni tushda 112 qisqa raqamiga Namangan shahrida yashovchi 22 yoshli yigit Namangan tumani Sho‘rqo‘rg‘on mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryoga tushib ketgani haqida murojaat kelib tushgan.
Shundan so‘ng Namangan viloyati FVB maxsus qutqaruv otryadining suvda qutqaruv guruhi g‘avvoslari tomonidan qidiruv-qutqaruv ishlari boshlab yuborilgan. 27-iyul kuni daryodan boshqa bir fuqaroning jasadi topilgan.
FVBning ta’kidlashicha, joriy mavsumda cho‘milish taqiqlangan joylarda cho‘milish oqibatida bir necha fuqaro halok bo‘lgan. Hozirda ham cho‘milish taqiqlangan hududlarda cho‘kib ketgan ikki nafardan ortiq fuqaroni qidirish ishlari davom etmoqda.
Boshqarma ota-onalardan farzandlarini nazoratsiz suvga tushishiga yo‘l qo‘ymaslikni so‘ragan.
Avvalroq Jizzaxdagi sun’iy hovuzda uch nafar qiz cho‘kib ketgani haqida xabar berilgan edi.

