Namanganda 27 yoshli yigit daryoda cho‘kib ketdi

Namanganda 27 yoshli yigit daryoga cho‘kib ketdi
Namangan viloyati, Namangan tumani "Oq yer" MFY hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosida bir fuqaro cho‘kib ketdi. Bu haqda 15-iyul kuni viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati ma'lum qildi.
Ma'lum bo‘lishicha, u 1999-yilda tug‘ilgan va Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida yashagan. Yigit Sirdaryo daryosida cho‘milish vaqtida ehtiyotsizlik sababli suvga cho‘kib ketgan. 12-iyul kuni soat 18:26 da 112 qisqa raqami orqali bu haqda xabar berilgan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Maxsus qidiruv-qutqaruv otryadi qutqaruvchi g‘avvoslari tomonidan suv ostida, Namangan tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi yong‘in-qutqaruvchilari esa suv ustida qidiruv ishlarini davom ettirmoqda.
Yozda cho‘kib halok bo‘lganlar
8-iyul kuni Zarafshon daryosiga cho‘milishga borgan uch nafar fuqaro cho‘kib halok bo‘lgandi. 28-iyunda Samarqandda 42 yoshli erkak daryoda cho‘kib ketgan. 27-iyun kuni Buxoroda 17 yoshli fuqaro kanalda cho‘kib halok bo‘ldi. Uning jasadi bir sutkalik qidiruv ishlaridan so‘ng topildi. 17-iyun kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida ikki bola kanalga tushib ketishi oqibatida vafot etdi. 12-iyun kuni Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida cho‘milish uchun daryoga tushgan besh nafar yigitning uch nafari halok bo‘ldi. Namanganda soyda cho‘kib ketgan yigit jasadi 1 haftadan ortiq qidiruvdan so‘ng topilgandi.

