Mahalliy

Surxondaryoda 11 yoshli o‘g‘lini 40 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan ayol 3,5 yilga qamaldi

Surxondaryoda iqtisodiy qiyinchilikni vaj qilib, 11 yoshli o‘g‘lini 40 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan ayol sudlandi. U kelishilgan pulning 20 mln so‘mini olayotganida ushlangan. Sud uni odam savdosida aybdor deb topib, 3 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qildi.

Surxondaryo viloyatida o‘zining 11 yoshli o‘g‘lini 40 million so‘mga sotishga uringan ayolga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi va u 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1993-yilda tug‘ilgan ayol 2014-yil 14-oktabrda tug‘ilgan voyaga yetmagan o‘g‘lini sotish orqali moddiy manfaat ko‘rish va daromad topishni maqsad qilgan.

2026-yil 4-aprel kuni u kelishilgan 40 million so‘mning 20 million so‘mini olayotgan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudida ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.

Sudda ayol o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. U jinoyatni iqtisodiy qiyinchiliklar, jumladan, qarzdorligi, yashash uchun uy-joyi yo‘qligi hamda turmush o‘rtog‘idan ajrashgani sababli sodir etganini aytgan. Shuningdek, o‘zi farzandlariga munosib sharoit yaratib bera olmagani uchun ularning yaxshi yashashini o‘ylab shu ishga qo‘l urganini va qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanini bildirgan.

Sudlanuvchi, shuningdek, qaramog‘ida yana ikki nafar voyaga yetmagan farzandi borligini inobatga olib, ish yuzasidan adolatli qaror qabul qilishni so‘ragan.

Sud hukmiga ko‘ra, ayol Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “b” bandi (18 yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan odam savdosi) bilan aybdor deb topilgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanilib, 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.

Avvalroq Farg‘ona shahrida chaqalog‘ini sotishga uringanlikda ayblangan er-xotinga nisbatan 5 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.

voyaga yetmaganlarsurxondaryosud hukmiodam savdosiqamoq jazosijinoyatbola savdosiiqtisodiy qiyinchiliklar