Moskvada yuqori martabali general qatnashgan ziyofatda portlash yuz berdi

Moskvada yuqori martabali general ishtirokidagi ziyofatda portlash sodir bo‘ldi.
1-avgust kuni Moskva markazidagi “Balzi Rossi” restoranida portlash yuz berdi. Rossiya rasmiylari bu hodisani terrorchilik harakati deb baholamoqda. “Meduza” nashrining xabar berishicha, portlash Stalin davrida qurilgan binoning birinchi qavatida joylashgan restoranda sodir bo‘lgan.
1-avgust kuni restoran tadbir sababli tashrif buyuruvchilar uchun yopiq edi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda 50 kishilik to‘y marosimi o‘tkazilayotgan bo‘lgan. Biroq, “Astra” nashri guvohlarga tayanib, restoranda generalning tug‘ilgan kuni nishonlanayotganini ma’lum qildi.
Avvaliga portlashga oshxonadagi gaz uskunalaridagi nosozlik sabab bo‘lgani taxmin qilingan edi. Ammo ko‘p o‘tmay, Rossiya Milliy aksilterror qo‘mitasi restoran kirish qismida qo‘lbola portlovchi qurilma ishga tushirilganini bildirdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bir ayol portlovchi moslamani ichkariga olib kirishga uringan, biroq qo‘riqchi uni to‘xtatgan. Qo‘riqchi ayol olib kirgan qutichani tekshirayotgan vaqtda portlovchi qurilma masofadan turib ishga tushirilgan. Natijada ayol, qo‘riqchi va yana bir tashrifchi halok bo‘lgan. Yana 21 kishi jarohat olgan.
“Kommersant” nashrining yozishicha, portlash kuchaytirilgan xavfsizlik ostida o‘tayotgan yopiq tadbir vaqtida sodir bo‘lgan. Ichiga metall shariklar joylashtirilgan bomba masofadan turib portlatilgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, qutini olib kirgan ayol uning ichida portlovchi moslama borligini bilmagan va uni sovg‘a deb o‘ylaganini aytgan.
Hodisa yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 205-moddasi (terrorchilik harakati) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Mahalliy OAVning yozishicha, teraktning ehtimoliy nishoni Rossiya Aerokosmik kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Chayko bo‘lgan. Ukrainalik bloger Anatoliy Shariy e’lon qilgan videoda ayol kishining "tayyorgarlik qizg‘in davom etmoqda, bugun Aleksandrning 55 yoshi," degan ovozi eshitiladi.
Aleksandr Chayko 1971-yil 27-iyulda tug‘ilgan bo‘lib, yaqinda 55 yoshni qarshi olgan. Chayko Rossiya Aerokosmik kuchlari bosh qo‘mondoni lavozimiga 2026-yil may oyida tayinlangan.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshida u Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlariga qo‘mondonlik qilgan. Ukraina va xalqaro tashkilotlar ushbu qo‘shinlarni Bucha shahrida sodir etilgan harbiy jinoyatlarga aloqador deb hisoblaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tadbirda FXXning yuqori martabali xodimlari, Mudofaa vazirligi generallari, deputatlar va boshqa amaldorlar ishtirok etgan. Aleksandr Chayko tug‘ilgan kunini yangi lavozimga tayinlangani munosabati bilan birgalikda nishonlamoqchi bo‘lgan.
Portlashdan so‘ng politsiya voqea joyi atrofini o‘rab oldi. Moskva Transport departamenti esa o‘sha kuni kechqurun Bog‘ halqasi bo‘ylab o‘tkazilishi rejalashtirilgan tungi velofestival "kutilmagan holatlar sabab" boshqa sanaga ko‘chirilganini ma’lum qildi.
Fevral oyida Rossiya huquq-tartibot organlari Qurolli kuchlar Bosh shtabi Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, general Vladimir Alekseyevga suiqasd qilishda gumonlanayotgan ikki kishini hibsga olgan edi.
Vladimir Alekseyevga suiqasd 6-fevral kuni Moskvadagi Volokolamsk shossesidagi turar joy binosida sodir etilgandi. Noma’lum shaxs general-leytenantga qarata bir necha marta o‘q uzgan va voqea joyidan qochib ketgan. O‘shanda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov suiqasdga Ukraina aloqador ekanligini aytgan edi.

