Dunyo

Moldovada dron daraxtga urilib portladi

Moldovaning Ukraina bilan chegarasi yaqinida kuchli portlash sodir bo‘lib, hodisa joyidan jangovar uchuvchisiz uchish apparatiga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan parchalar topildi. Dron qulaganidan keyin yong‘in chiqqan, uning parchalari katta hududga sochilib, qishloqdagi bir nechta xo‘jalikka zarar yetkazgan.

**Moldovada dron daraxtga urilib portladi**

Moldova politsiyasining xabar berishicha, 9-avgust kuni Shtefan-Vode tumanidagi Krokmaz qishlog‘i yaqinida dron daraxtga urilib portlagan.

Dastlab ushbu hududda kuchli portlash ovozi eshitilgan, shundan so‘ng quruq o‘simliklar yonib ketgan. Voqea joyiga politsiya xodimlari, o‘t o‘chiruvchilar hamda texnik va portlovchi moddalar bo‘yicha mutaxassislar yetib kelgan.

Tekshiruv davomida uchuvchisiz apparat aholi punktidan tashqaridagi o‘rmonzor hududga qulagani aniqlangan. Mutaxassislarning dastlabki xulosasiga ko‘ra, portlash yerdan taxminan 2,5 metr balandlikda, apparat daraxtga urilganidan keyin sodir bo‘lgan.

Portlash natijasida dron parchalari katta hududga sochilib ketgan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Krokmaz qishlog‘idagi bir nechta xo‘jalikka ham zarar yetgan. Jabrlanganlar haqida ma’lumot keltirilmagan.

Hodisa joyini ko‘zdan kechirish jarayonida mutaxassislar jangovar uchuvchisiz apparatga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir qator fragmentlarni aniqlagan. Topilgan parchalarning ayrim xususiyatlari boshqariladigan raketa komponentlariga o‘xshash ekani qayd etilgan. Shu sababli dastlabki taxminlarga ko‘ra, qulagan apparat “dron-raketa” turiga mansub bo‘lishi mumkin.

Apparatning aniq turini belgilash uchun politsiyaning texnik-portlash bo‘limi xodimlari jalb qilingan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar dron qayerdan uchib kelgani va uning Moldova hududiga qanday sharoitda tushganini aniqlash bo‘yicha tekshiruvni davom ettirmoqda.

Moldova Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan buyon mamlakat hududida raketa va uchuvchisiz apparatlarga tegishli jami 28 ta fragment aniqlangan. Ular orasida Eronda ishlab chiqarilgan Shahed turidagi dronlar hamda Rossiyaning “Gerbera” uchuvchisiz apparatlari parchalari ham bo‘lgan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 12 ta holatda Moldova hududida topilgan dronlar portlovchi moddalar bilan jihozlangan bo‘lgan.

missile fragmentsborder securityukraine warshahed dronedrone crashmoldovaexplosionmilitary drone