Liviyada qurolli to‘qnashuvlar fonida mahbuslar qamoqxonadan ommaviy qochib ketdi

Liviya politsiyasiga tayanib Reuters xabar berishicha, 4-avgust kuni Liviya g‘arbidagi Zaviya va Surman shaharlarida qurolli to‘qnashuvlar avj olganidan so‘ng, mahbuslar qamoqxonadan ommaviy ravishda qochib ketishgan.
Sud politsiyasi boshqarmasi bayonotiga ko‘ra, Surman shahridagi qamoqxonada yuz bergan ushbu ommaviy qochish bo‘yicha tergov ishlari boshlangan. Politsiya qochgan mahbuslarning aniq sonini oshkor etmagan, biroq ularning shaxsini aniqlash va tegishli huquqiy choralarni ko‘rish uchun maxsus komissiya tuzilganini ma’lum qilgan.
Zaviya shahridagi mahalliy yetakchilardan biri Salim Bahr "Libya Al-Ahrar" telekanali orqali murojaat qilib, urushni to‘xtatishga chaqirgan va "bu vaziyatda kim g‘olib bo‘lmasin, baribir mag‘lub bo‘ladi", deya ta’kidlagan. Bahrning so‘zlariga ko‘ra, to‘qnashuvlarda uch nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan, yana bir necha kishi jarohat olgan. Zo‘ravonlikda kimlar ishtirok etgani va nima uchun jang qilayotgani haqida aniq ma’lumot berilmagan. Liviya 2011-yilda Muammar Qaddafiy ag‘darilganidan beri tartibsizliklar ichida qolmoqda.
To‘qnashuvlar Zaviya va Surman shaharlarida raqib qurolli guruhlar o‘rtasida sodir bo‘lgan. Tripolidan 40 kilometr g‘arbda joylashgan Zaviya shahrida Liviyaning eng yirik faol neftni qayta ishlash zavodi mavjud bo‘lib, u kuniga 120 ming barrel neftni qayta ishlash quvvatiga ega.
Azzawiya Oil Company kompaniyasi Facebook’da bayonot berib, ishchilarni iloji boricha ehtiyotkor bo‘lishga, to‘qnashuv zonalari va u yerga olib boruvchi yo‘llardan umuman yurmaslikka chaqirgan. Ijtimoiy tarmoqlar va mahalliy telekanallarda tasdiqlanmagan videolar tarqalgan bo‘lib, ularda osmonga ko‘tarilayotgan qora tutun va Surman hamda Zaviya bo‘ylab shiddatli otishma tovushlari aks etgan.
Surman shahri meri Muhammad Abu Snina vaziyatni juda og‘ir deb baholagan va to‘qnashuvlar jiddiy zarar keltirganini aytgan. Shuningdek, neytral kuchlar joylashtirilgach, shaharda nisbatan tinchlik tiklanganini ta’kidlagan. Avvalroq Shri Lankadagi qamoqxonada ikki guruh mahbuslar o‘rtasidagi janglar oqibatida 25 kishi halok bo‘lgani va 100 ga yaqin odam jarohatlangani haqida xabar berilgandi.

