“Tolibon” Badaxshonda namoyishchilarni o‘qqa tutdi, to‘rt kishi halok bo‘ldi

**Badaxshonda "Tolibon" namoyishchilarga qarata o‘t ochdi, to‘rt kishi halok bo‘ldi**
Afg‘onistonning shimoli-sharqiy qismidagi Badaxshon viloyatining Yaftali Payin tumanida "Tolibon" harakati vakillari namoyishchilarga qarata o‘t ochishi oqibatida kamida 4 kishi hayotdan ko‘z yumdi va 9 kishi jarohatlandi. Bu haqda 2-avgust kuni mahalliy aholi xabar berdi.
Amu TV nashriga ko‘ra, aholi vakillari noroziliklarga "Tolibon"ning so‘nggi oylarda kuchaytirgan bosimi, jumladan, tintuvlar, hibsga olishlar va xavfsizlik choralarining kuchaytirilishi sabab bo‘lganini ta’kidladi.
"Kecha vaziyat juda og‘ir edi, bugun ham yaxshi emas. To‘qnashuvda 3 kishi halok bo‘ldi, yana bir kishi kasalxonaga ketayotganda yo‘lda vafot etdi. 9 kishi yaralandi. To‘qnashuvlar boshlanganidan beri ko‘chaga chiqa olmayapmiz", — dedi mahalliy aholi vakillaridan biri.
Boshqa bir fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, "Tolibon" so‘nggi kunlarda hibsga olishlarni ko‘paytirgan, yoshlar qo‘lga olinishdan qo‘rqib uydan chiqa olmayapti, uylar esa qayta-qayta tintuv qilinmoqda.
"Tolibon" esa vaziyatga boshqacha izoh berdi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, nazorat-o‘tkazish punktida giyohvand modda olib o‘tayotgan motosikl to‘xtatilganidan so‘ng to‘qnashuv yuzaga kelgan. Rasmiylar namoyishchilarni "hujumchilar" deb atab, ularning bir nechtasi yaralanganini bildirdi.
Mahalliy manbalar "Tolibon" orasida ham yaradorlar borligini tasdiqladi, ammo ularning aniq soni ma’lum emas. Shu bilan birga, hozirda Yaftali Payin va Zebok tumanlarida "Afg‘oniston ozodlik fronti" kabi qurolli guruhlar va "Tolibon" o‘rtasida to‘qnashuvlar davom etmoqda.
**11 ta viloyatdan askarlar yig‘ilmoqda**
Mamlakatda muxolifat faollashgani sababli "Tolibon" 2-avgust kuni yettita viloyatda 547 nafar yangi harbiy xizmatchi yollanganini ma’lum qildi. Umuman olganda, 11 ta viloyatda, jumladan, Qandahor, Badaxshon, Xost, Kunar, Logar, Zobul, Paktiya, Paktika, Nuriston, Nangarhor va Nimro‘zda yangi askarlar yig‘ilmoqda.
"Tolibon" Bosh shtabi matbuot xizmatining xabar berishicha, yangi askarlar "Hazrat Abdulloh bin Mas’ud" jangovar tayyorgarlik komandirligiga yuborilgan. "Tolibon" asosiy e’tiborni chegaradagi viloyatlarga qaratmoqda.

