Dunyo

Afg‘onistonda aholi va qurolli guruhlar “Tolibon” bilan to‘qnashdi

Afg‘onistonda aholi va qurolli guruhlar “Tolibon” bilan to‘qnashdi.

Afg‘onistonning Badaxshon viloyati Yaftali Payin tumanida mahalliy aholi va etnik pushtun bo‘lgan “Tolibon” jangchilari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi. Hududda harbiy vaziyat saqlanib qolmoqda. Ayni paytda hukumatga qarshi ikkita guruh ham “Tolibon”ga qarshi harakat qilganini da’vo qildi.

Hasht-e Subh Daily nashriga mahalliy manbalarning xabar berishicha, to‘qnashuvlar 1-avgust kuni tushdan keyin boshlangan. “Tolibon”ga qarshi kurashga erkaklar ham ayollar ham otlangan.

Hodisa paytida bir ayol uch nafar “Tolibon” jangchisini tayoq bilan urgani aytilmoqda. Manbalarga ko‘ra, to‘qnashuvda bir necha kishi halok bo‘lgan va yaralangan. Biroq jabrlanganlarning aniq soni hali tasdiqlanmadi. Shu bilan birga, “Tolibon” razvedka idorasiga ham hujum qilingani xabar berildi. Lekin ushbu hodisa tafsilotlari hozircha mavjud emas.

Mahalliy noroziliklar bilan bir qatorda “Afg‘oniston ozodlik fronti” (AFF) hamda “Milliy qarshilik fronti” (NRF) ham Badaxshonda “Tolibon”ga qarshi hujumlar uyushtirganini bildirdi. Ular “Tolibon” a’zolari hamda ularni qo‘llayotgan xorijiy jangchilar orasida talafotlar borligini da’vo qilmoqda.

AFF o‘z kuchlari 31-iyul kuni Badaxshon viloyatining Zebak tumanida “Tolibon”ni qo‘llab-quvvatlayotgan “xalqaro terrorchilarga” hujum qilganini bildirdi. Guruh bayonotiga ko‘ra, AFFga qarshi urishayotgan “Tolibon” kuchlariga qo‘shilish uchun Zebak tomonga ketayotgan karvonga qilingan hujumda ikki nafar xorijiy jangchi halok bo‘lgan va uch nafari yaralangan.

Bayonotda aytilishicha, nishonga olingan shaxslar mahalliy tilni bilmagan. Guruh buni ularning ajnabiy ekanligiga isbot sifatida keltirdi. Ammo AFF ularning shaxsiyati va fuqaroligini ochiqlamadi.

Guruhning qo‘shimcha qilishicha, xorijiy jangchilarning “Tolibon” yonida paydo bo‘lishi Afg‘oniston xalqaro terrorchi tashkilotlar uchun xavfsiz boshpana bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi. Badaxshondagi “Tolibon” mahalliy hokimiyati bu da’volarga munosabat bildirmadi.

Boshqa bir hodisada “Afg‘oniston milliy qarshilik fronti” Hirot viloyatida “Tolibon”ning patrul mashinasiga qilingan hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi. NRF bayonotida aytilishicha, uning jangchilari hujumni 30-iyul kuni soat 22:30 atrofida Karux tumanining Bandi Pashdan hududida amalga oshirgan.

NRF hujumda “Tolibon”ning “Al-Faruq” korpusi birinchi brigadasining ikki a’zosi halok bo‘lganini da’vo qildi. “Tolibon” bu da’voga ham javob bermadi. “Tolibon” Afg‘oniston ichida uyushgan qurolli muxolif guruhlar borligini va ularning jangovar imkoniyatlarini rad etishda davom etmoqda. O‘tgan hafta ham Afg‘onistonning Badaxshon viloyatida “Tolibon”ga qarshi shiddatli janglar avj olgani haqida xabar qilingandi.

afghanistan freedom frontnational resistance frontconflictbadakhshanafghanistanresistancecivilian uprisingtaliban