Dunyo

ISHID Afg‘onistonda “Tolibon” amaldorini o‘ldirganini da’vo qildi

**ISHID Afg‘onistonda “Tolibon” amaldorining o‘ldirilishi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi**

ISHID terrorchilik tashkilotining mintaqaviy bo‘limi Afg‘oniston shimoli-sharqida “Tolibon” mulozimiga qilingan hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

Badaxshon viloyati axborot va madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Zabihulloh Amiriy 28-iyul kuni viloyat markazi Fayzobodga ketayotganida otib o‘ldirilgan edi. Afg‘oniston va Pokistonda faoliyat yurituvchi ISHID-Xuroson guruhi 29-iyul kuni ushbu hujumni amalga oshirganini ma’lum qildi.

SITE Intelligence Group tashkiloti keltirgan bayonotda shunday deyiladi: “Xalifalik askarlari dindan qaytgan ‘Tolibon’ komandirini pulemyotdan o‘qqa tutdi. Oqibatda u va uning bir soqchisi halok bo‘ldi”.

Zabihulloh Amiriy janubiy Hilmand viloyati gubernatori Amanuddin Mansurning jiyani bo‘lgan. Afg‘oniston Axborot va madaniyat vazirligi bu “qo‘rqoqona hujum”dan so‘ng hujumchilardan biri o‘ldirilgani va ikkinchisi qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

Vazirlikning 28-iyul kungi bayonotida shunday deyiladi: “Vazirlik islom hukumati dushmanlariga shuni eslatadiki, bunday qo‘rqoqona harakatlar bizning qat’iy qarorimiz va yengilmas irodamizni hech qachon zaiflashtirmaydi”.

“Tolibon” rasmiylari Afg‘onistonda xavfsizlikni tiklashga va’da bergan bo‘lsa-da, ular 2021-yilda hokimiyatga qaytganidan beri vaqti-vaqti bilan hujumlar sodir bo‘lmoqda.

ISHIDning mintaqaviy bo‘limi ushbu hujumlarning ba’zilari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan. Bular orasida yanvar oyida Kobul markazidagi xitoy restoranida sodir bo‘lgan portlash ham bor. O‘shanda kamida yetti kishi halok bo‘lgandi.

Ekstremistik guruh, shuningdek, 2024-yilning dekabr oyida Kobulda amalga oshirilgan xudkushlik portlashi uchun ham javobgarlikni o‘z bo‘yniga olgan. O‘sha hujumda qochqinlar ishlari bo‘yicha vazir Xalil ar-Rahmon Haqqoniy halok bo‘lgan. Avvalroq Afg‘onistonning Badaxshon viloyatida “Tolibon”ga qarshi shiddatli janglar avj olgani haqida xabar berilgandi.

ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.

talibanafghanistanbadakhshan provinceterrorismsecurityisis-khorasanassassinationzabihullah amiri