Dunyo

Nigeriyada qurollangan shaxslar harbiy bazaga hujum qilib, 52 kishini o‘g‘irlab ketdi

Nigeriyaning Zamfara shtatida qurollangan shaxslar qishloq va harbiy bazaga hujum qilib, kamida 52 kishini, jumladan, bolalarni o‘g‘irlab ketdi. Bu haqda Euronews mahalliy manbalarga tayanib xabar berdi.

Odamlarni o‘g‘irlash Nigeriyadagi qurolli guruhlar, jumladan, jihodchilar va mahalliy tilda “banditlar” deb ataluvchi jinoiy guruhlar uchun asosiy daromad manbayiga aylangan. Zamfara mamlakat shimoli-g‘arbida bundan eng ko‘p aziyat chekayotgan shtatlardan biri hisoblanadi.

Motosikldagi qurollangan shaxslar 2-avgustga o‘tar kechasi Kasuvar Daji qishlog‘iga bostirib kirgan. Aholi vakillarining aytishicha, ular avval qishloq chetidagi harbiy bazaga hujum qilgan. Hujumchilar bazadagi miltiqlarni tortib olgan va harbiy patrullik mashinasiga o‘t qo‘ygan. Shundan so‘ng ular qishloqqa bostirib kirib, o‘nlab odamlarni o‘g‘irlagan.

Bu qishloqda yashovchi Shehu Abdullohiyning so‘zlariga ko‘ra, tajovuzkorlar dastlab 100 dan ortiq odamni ushlagan. Keyinchalik ularning ba’zilarini qo‘yib yuborib, 52 kishini olib qolgan. Uning 12 yoshli qizi ham o‘g‘irlanganlar orasida bor.

Boshqa bir rezident Ahmad Usmon ham xuddi shunday ma’lumot berdi. U qurollangan shaxslar uyma-uy yurib, ko‘plab odamlarni olib ketganini aytdi. Usmon o‘z oilasidan ikki nafar kelini va ikki nafar o‘smir qizi o‘g‘irlanganini bildirdi.

Armiya vakili Olaniyi Osoba harbiylar bazaga qilingan hujumni “muvaffaqiyatli” qaytarganini bildirdi. U, shuningdek, qurollangan shaxslar bir askar va bir militsionerni o‘ldirganini hamda soni nomaʼlum aholini o‘g‘irlab ketganini tan oldi. U o‘z bayonotida hujumda “terrorchilar”ni aybladi.

Bosqinchilar guruhlari Nigeriya shimoli-g‘arbiy va markazining davlat nazorati kuchsiz bo‘lgan qishloq joylarida harakat qiladi. Ular dehqonlardan “soliq” undiradi, chorva mollarini o‘g‘irlaydi, qishloqlarga bosqin uyushtiradi va noqonuniy kon qazish ishlarida qatnashadi. Avvalroq Nigeriya ksenofobiya hujumlari sabab Janubiy Afrikadan 1490 nafar fuqarosini evakuatsiya qilgandi.

harbiy bazazo'ravonliknigeriyaodam o'g'irlashqurolli hujumzamfarajinoiy guruhlarterrorchilar