Dunyo

Ekvadorda uydan yetti kishining kuydirilgan jasadi topildi

Ekvadorning janubiy qismidagi Kanyar provinsiyasida joylashgan uyda yetti kishining kuygan jasadlari topildi. Bu haqda CBS News mamlakat rasmiylariga tayanib xabar berdi. Hududda zo‘ravonliklar kuchaygani sababli favqulodda holat e’lon qilingan.

Bir necha yil ichida Ekvador Janubiy Amerikaning eng xavfsiz davlatlaridan biri bo‘lishdan kokain kontrabandasi markaziga aylandi. Mamlakat Meksika va Kolumbiya kartellari bilan bog‘liq bo‘lgan jinoiy guruhlar ta’siridan aziyat chekmoqda.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, jasadlar 28-iyul kuni La-Tronkal shaharchasidagi uyda topilgan. Marhumlardan ikkitasining qo‘l-oyoqlari sim bilan bog‘langan bo‘lgan. Uy tashqarisida esa yonib ketgan avtomobil ham topilgan. Qurbonlar 21 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslardir. Ushbu zo‘ravonlik jinoiy guruhlar o‘rtasidagi hudud talashish nizosi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

**"Bo‘rilar faol" yozuvlari**

Jasadlar topilgan uy devorlariga "Bo‘rilar zamini" va "Bo‘rilar faol" degan yozuvlar bitilgan. Los Lobos (ispanchadan "bo‘rilar" degani) Ekvadordagi eng yirik narkotrafik va tovlamachilik to‘dalaridan biri bo‘lib, xalqaro kartellar bilan aloqador. 2025-yil sentabr oyida AQSH bu guruhni terrorchi tashkilot deb e’lon qilgan.

Iyun oyida mamlakat janubi-g‘arbidagi narkokontrabanda markazida plastik xaltalarga solingan sakkizta jasad topilgan edi. Ekvador rasmiylari voqea joyidagi yozuvga tayanib, bu qurbonlar Los Lobos va uning raqibi Los Choneros o‘rtasidagi urush qurboni bo‘lganini bildirgan.

28-iyul kuni qo‘shni provinsiyada konchilar shaharchasining sobiq meri qo‘lga olindi. Rasmiylar uni Los Lobos guruhining asosiy moliyaviy homiysi deb hisoblaydi.

**Dunyodagi eng yirik kokain yo‘lagi**

Dunyoda eng ko‘p kokain yetishtiruvchi mamlakatlar Kolumbiya va Perudir. Ular ishlab chiqargan giyohvand moddalarning qariyb 70 foizi Ekvador orqali tashiladi. 2025-yilda Ekvadorda 9200 dan ortiq odam zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan, bu rekord darajadagi ko‘rsatkichdir. Jinoiy guruhlar nafaqat narkotrafik, balki tovlamachilik, odam o‘g‘irlash va noqonuniy oltin qazib olish bilan ham shug‘ullanadi.

So‘nggi zo‘ravonliklar AQSH ko‘magida uyushgan jinoyatchilikka qarshi harbiylar reydi o‘tkazilayotgan bir paytda sodir bo‘ldi. 2026-yil boshida amerikalik maxsus kuchlar ekvadorlik harbiylar bilan birgalikda mamlakat qirg‘oqlaridagi narkoterrorchi tashkilotning yashirin markazini yo‘q qilish bo‘yicha qo‘shma operatsiya o‘tkazgandi.

**Narkobaron AQSHga topshirilgan bo‘lsa-da, zo‘ravonlik to‘xtamayapti**

Mamlakatda jinoiy to‘dalar zo‘ravonligi hamon pasaymayapti. 2024-yilda qat’iy rejimli qamoqxonadan qochgan Ekvadorning eng yirik narkobaroni — Los Choneros rahbari Adolfo Masias (laqabi Fito) 2025-yil iyunida qayta ushlangan.

2025-yil iyul oyida Ekvador hukumati Masiasni AQSHga ekstraditsiya qildi. U yerda narkobaronga giyohvand moddalar kontrabandasi va o‘qotar qurollar bilan bog‘liq ko‘plab ayblovlar qo‘yilgan.

ekvadorlos chonerosqotillikzo'ravonliknarkokartellarlos lobosgiyohvand moddalar savdosiuyushgan jinoyatchilik