Dunyo

Fransiyadagi yong‘inlar yadroviy tadqiqotlar markaziga yaqinlashdi

Fransiya janubi-g‘arbidagi o‘rmon yong‘inlari strategik ahamiyatga ega ob’yektlar - CEA Cesta yadroviy tadqiqotlar markazi va “Blayye” atom elektr stansiyasiga yaqinlashdi. Hukumat va energetiklar ushbu ob’yektlar xavf ostida emasligini ta’kidlamoqda.

**Fransiyadagi yong‘inlar yadroviy tadqiqotlar markaziga yaqinlashdi**

Fransiyani qamrab olgan o‘rmon yong‘inlari Jironde departamentidagi Atom va muqobil energiya manbalari bo‘yicha komissariatining (CEA) CEA Cesta yadroviy tadqiqotlar markazi yaqinida avj oldi, deb xabar berdi AFP agentligi.

"Barchasi nazorat ostida, xavotirga o‘rin yo‘q. Xavfsizlik choralari ta’minlanmoqda va hozirgi bosqichda hech qanday xavf mavjud emas", dedi CEA Cesta tadqiqotchisi va komissariatning kommunikatsiyalar bo‘yicha mas’uli Filipp Birsset.

Yadroviy tadqiqotlar markazi joylashgan Barp kommunasi merining birinchi o‘rinbosari Jak Morettoning so‘zlariga ko‘ra, markaz faoliyati yadroviy tiyib turish bilan bog‘liq.

"Bu yerda qiymati bir necha milliard yevroga teng bo‘lgan Laser Mégajoule ham joylashgan. U strategik ob’yekt hisoblanadi. Shunday ekan, bu Barp uchun ma’lum ma’noda ustunlikdir, uni himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda", dedi u.

Le Parisien nashrining yozishicha, yong‘inlar Jironde shahridagi "Blayye" atom elektr stansiyasidan 45 kilometr masofada ham tarqalgan.

"Fransiyadagi atom elektr stansiyalari toshqinlar, qurg‘oqchilik, kuchli sovuqlar yoki g‘ayrioddiy issiq kabi ekstremal ob-havo sharoitlarining oqibatlariga bardosh bera oladigan qilib loyihalashtirilgan", deyiladi Fransiyaning eng yirik EDF davlat energetika kompaniyasi bayonotida.

Mamlakat ichki ishlar vaziri Loran Nunes "yong‘in fronti ortida joylashgan nozik ob’yektlar" muhofazasi kuchaytirilganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ob’yektlar atrofida yong‘inga qarshi himoya yo‘laklari barpo etilgan, kuzatuv patrullari va yirik yong‘in o‘chirish kuchlari joylashtirilgan.

Fransiyada kuchli o‘rmon yong‘inlari iyul oyining ikkinchi yarmida Yevropani qamrab olgan favqulodda issiq ob-havo fonida boshlandi. Tabiiy ofatning asosiy o‘choqlari Bordo shahri yaqinidagi Jironde va qo‘shni Land departamentlari bo‘lmoqda. Shuningdek, mamlakat janubi-sharqidagi Var departamentida ham yirik yong‘inlar qayd etilgan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakat Ikkinchi jahon urushidan beri kuzatilmagan darajadagi o‘rmon yong‘inlariga duch kelganini aytdi.

L'Indépendant nashri ma’lumotiga ko‘ra, yong‘inlarni o‘chirish ishlariga 2 750 nafardan ortiq o‘t o‘chiruvchi, qariyb 1 500 nafar harbiy xizmatchi, 1 440 nafar ichki xavfsizlik xodimi, 20 ga yaqin aviatsiya texnikasi jalb qilingan. To‘qson nafarga yaqin o‘t o‘chiruvchi jarohatlangan. Aholi orasida qurbonlar yo‘q, 240 ta uy vayron bo‘lgan.

Jironde shahridagi yong‘inlar 42 ming gektar o‘rmonni yo‘q qilgan. Fransiya bosh vaziri Sebastyan Lekornyuning ma’lum qilishicha, yil boshidan buyon mamlakat bo‘ylab 116 ming gektardan ziyod maydon yong‘indan zarar ko‘rgan. Bu 2022 yildagi yirik yong‘inlardan keyingi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Jironde shahridagi yong‘inlar sababli 220 ming nafar aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan.

franceemergency servicesclimate changewildfiresevacuationnuclear power plantnuclear research centerstrategic objects