Jazoirda avtobus jarlikka qulab tushdi, kamida 25 kishi halok bo‘ldi (video)

Jazoirda yo‘lovchi avtobusining jarlikka qulashi oqibatida kamida 25 kishi hayotdan ko‘z yumdi, 44 kishi tan jarohati oldi. Bu haqda ABC News va BBC mamlakat Fuqaro muhofazasi xizmatining dastlabki ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Voqea 31-iyul kuni sodir bo‘lgan. Setif shahridan poytaxt Jazoirga yo‘l olgan avtobus poytaxtdan taxminan 50 kilometr uzoqlikdagi El-Karma hududida sirpanib ketib, chuqur jarlikka ag‘darilgan.
Fojia joyiga yetib borgan qutqaruvchilar yaradorlarni yaqin atrofdagi shifoxonalarga yetkazishgan. Mamlakat fuqaro muhofazasi departamenti yo‘l-transport hodisasining sabablari hozircha noma’lumligini bildirdi.
Jazoir bosh vaziri Sifi Grib voqea joyiga tashrif buyurib, qutqaruvchilar bilan muloqot qilgan. Hodisa joyidan olingan videokadrlarda avtobusning jarlik tubida yotgani aks etgan. Davlat televideniyesining xabar berishicha, Jazoir prezidenti Abdulmajid Tebbun mamlakatda uch kunlik milliy motam e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, 3-iyul kuni Pokistonning Balujiston provinsiyasida ham shunga o‘xshash fojia yuz bergandi. O‘shanda yo‘lovchi avtobusi mahalliy vaqt bilan soat 08:00 atrofida chuqur jarlikka qulab tushishi oqibatida 40 kishi halok bo‘lgan, 8 kishi jarohatlangan edi.

