Kiyev ballistik raketalar hujumiga uchradi
Rossiya qo‘shinlari 5-avgustga o‘tar kechasi Ukrainaga yana ommaviy raketa va dron hujumlarini amalga oshirdi. Ballistik raketalar bilan nishonga olingan Kiyev va Kiyev viloyatida kamida ikki kishi halok bo‘ldi, o‘nlab tinch aholi jarohat oldi. Hujumlar mamlakatning boshqa bir qator hududlarini ham qamrab oldi.

Rossiya armiyasi 5-avgustga o‘tar kechasi Kiyev shahri va viloyatiga ballistik raketalar bilan zarba berdi. Hujum natijasida poytaxtning Obolon, Desnyan, Goloseyev tumanlarida hamda shahar atrofida yong‘inlar kelib chiqdi, bir qator turar joy bo‘lmagan binolar shikastlandi.
Kiyev meri Vitaliy Klichkoning xabar berishicha, Goloseyev tumanida xususiy uy vayron bo‘lgan va uning ostida odamlar qolgan bo‘lishi mumkin.
Kiyev shahar harbiy ma’muriyatining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda bir kishi halok bo‘lgan, kamida 12 kishi jarohatlangan. Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati esa Kiyev shahrining o‘zida jabrlanganlar soni 15 nafarga yetganini ma’lum qildi.
Kiyev viloyatida ham hujumlar jiddiy oqibatlarga olib keldi. Viloyat harbiy ma’muriyatining bildirishicha, Bucha, Brovari va Fastov tumanlarida infratuzilma ob’yektlari shikastlangan. Bucha tumanida bir kishi vafot etgan.
Viloyat bo‘yicha jami 21 nafar tinch aholi jarohat olgan. Xususan, Brovari tumanida 13 kishi, Fastovda 3 kishi va Buchada 5 kishi tan jarohati olgan.
Ukraina Favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Brovari tumanida logistika markazlari, omborxonalar, ishlab chiqarish korxonalari va savdo ob’yektlarida yong‘inlar chiqqan. Bucha tumanida logistika majmualari zarar ko‘rgan bo‘lsa, Fastov tumanida korxona hududida yong‘in yuzaga kelgan.
Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari Rossiya hujumlari faqat Kiyev bilan cheklanmaganini ma’lum qildi. Shu kecha Odessa, Zaporijjya, Dnipropetrovsk, Xarkiv va Mikolayiv viloyatlari ham raketa va dronlar hujumiga uchragan.
Ukraina rasmiylari so‘nggi vaqtlarda Rossiyaning ballistik raketa hujumlarini qaytarish tobora qiyinlashayotganini ta’kidlamoqda. Prezident Volodimir Zelenskiy buni mamlakatda AQShning Patriot havo mudofaa tizimlari uchun raketa zaxirasi yetishmayotgani bilan izohlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan ushbu tizimlar ballistik raketalarni yo‘q qilishda eng samarali vositalardan biri hisoblanadi.

