Janubiy Koreya futbol assotsiatsiyasi hakamlar bilan bog‘liq sharmandali holat bo‘yicha bayonot berdi

Janubiy Koreya futbol assotsiatsiyasi (KFA) hakamlar bilan bog‘liq sharmandali holat yuzasidan rasmiy bayonot berib, uzr so‘radi. Bu holat o‘n yildan ko‘proq vaqt oldin xalqaro o‘yinlarga kelgan xorijlik hakamlarga "intim xizmatlar" taqdim etilgani haqidagi xabarlar ortidan yuzaga keldi.
JTBC telekanalining xabar berishicha, assotsiatsiya 2011 va 2012-yillarda, xususan, JCH-2014 hamda London-2012 Olimpiadasi saralash o‘yinlarida xorijlik hakamlar uchun bir necha bor bunday xizmatlarni uyushtirgan. Mamlakat sport vazirligining 2016-yildagi tekshiruvlari natijasida aniqlanishicha, 2011-yilning martidan 2012-yilning martigacha bo‘lgan davrda hakamlar kamida 7 marta shunday "ko‘ngilochar" maskanlarga, jumladan, intim xizmatlar haqi to‘langan massaj salonlariga olib borilgan.
KFA 8-avgust, shanba kuni e’lon qilgan bayonotida vaziyat yuzasidan afsusda ekanini bildirdi:
"Assotsiatsiya bilan bog‘liq so‘nggi voqealar (tintuvlar, parlament eshituvi va 10 yillik eski xabarlar) jamoatchilikda xavotir uyg‘otgani uchun uzr so‘raymiz. Shu o‘rinda ta’kidlaymizki, hozirgi vaqtda tashkilotimizda bunday nomaqbul ishlarga va xizmat kartalaridan bu kabi maqsadda foydalanishga umuman o‘rin yo‘q", deyiladi xabarda.
Ushbu mojaro KFA terma jamoa bosh murabbiyligiga Xon Myong Boni tayinlagani ortidan keskin tanqidlar va bosim ostida qolayotgan bir paytda yuzaga chiqdi. 6-avgust, payshanba kuni Seul politsiyasi ushbu tayinlov yuzasidan olib borilayotgan tergov doirasida KFA ofislarida tintuv o‘tkazgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2013—2014-yillarda ham terma jamoani boshqargan Xon Myong Bo 2024-yilda o‘z lavozimiga qaytarildi. Uning tayinlanuvi KFA bir necha oy davom etgan xorijlik nomzodlar qidiruvini to‘xtatib, qisqa uchrashuvdan so‘ng kutilmaganda qaror qabul qilgani sababli keskin tanqidlarga sabab bo‘lgan edi.

