Sport

Iordaniya futbol assotsiatsiyasi prezidenti FIFA rahbarini “shantaj”da aybladi

Iordaniya futbol assotsiatsiyasi (FA) prezidenti Ali bin Husayn FIFA rahbari Janni Infantinoni "shantaj"da ayblab, uni ochiqchasiga tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, FIFA rahbariyati Infantinoni qo‘llab-quvvatlash evaziga Iordaniya futbolidagi mavjud muammolarni hal qilishda yordam berishni taklif qilgan.

Bin Husaynning ta’kidlashicha, FIFA bir necha oy davomida Iordaniya assotsiatsiyasiga yordam berishdan bosh tortgan. Biroq, Jahon chempionati vaqtida tashkilot tomonidan og‘zaki shart qo‘yilgan: agar Iordaniya Infantinoni qo‘llab-quvvatlasa, bu ularga "katta foyda" keltiradi.

"Iordaniyada doimo axloqiy tamoyillarga sodiq qolganimiz bilan faxrlanamiz. Biz uning nomzodini avval ham yoqlamaganmiz, hozir ham qo‘llab-quvvatlamaymiz. Ammo yuzaga kelgan bu vaziyat ochiqchasiga shantajdan boshqa narsa emas va biz bunday bosimga aslo yon bermaymiz", dedi Bin Husayn.

Iordaniya futbol assotsiatsiyasi rahbari o‘z jamoasi duch kelayotgan bir qator jiddiy muammolarni sanab o‘tdi. Xususan, iordaniyalik muxlislar chiptalar uchun o‘ta qimmat narx to‘laganiga qaramay, ularga AQSHdagi Jahon chempionatiga borish uchun viza berilmagan. Shuningdek, FIFA shafeligida o‘tgan 2025-yilgi Arab Kubogida qatnashgan futbolchilar hamon o‘z mukofot pullarini ololmagan. Buning ustiga, AQSH hukumati FIFA orqali Iordaniya terma jamoasining Jahon chempionatidagi ishtirokini ham soliqqa tortgan.

Ta’kidlanishicha, AQSHdagi o‘yinlarda qatnashgan Iordaniyadan farqli o‘laroq, Kanada va Meksikada harakat qilgan jamoalarda bunday soliq xarajatlari kuzatilmagan.

"Biz musobaqadagi ishtirokimiz uchun FIFA orqali AQSH hukumati tomonidan soliqqa tortilyapmiz. Aslida bu pullar futbolchilar va xodimlarga berilishi kerak edi. Kanada va Meksikada o‘ynagan va o‘sha yerda yig‘in o‘tkazgan jamoalarda bunday holat bo‘lmadi. Ammo biz aynan AQSHda o‘ynaganimiz uchun endilikda katta soliq xarajatlariga duch kelyapmiz", deya qo‘shimcha qildi Bin Husayn.

Ma’lumot o‘rnida, Iordaniya terma jamoasi 2026-yilda o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi, biroq turnir bilan guruh bosqichidayoq xayrlashdi.

fifaworld cupfootballcorruptiongianni infantinoblackmailtaxesjordan football association