Infantino o‘z lavozimini saqlab qolish uchun Oq uydan yordam so‘ramoqda

Infantino lavozimini saqlab qolish maqsadida Oq uydan ko‘mak so‘ramoqda
FIFA prezidenti Janni Infantino o‘z lavozimini saqlab qolish ilinjida Tramp ma’muriyatidan yordam kutmoqda. U bugun, 3-avgust kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashuv o‘tkazadi. Bu haqda New York Post nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
"U Davlat kotibi bilan bog‘lanib, futbol Amerikaning yumshoq kuchi tarkibiga kirishi mumkinligi haqida suhbatlashmoqchi ekanligini bildirgan. Ammo hammamizga ayonki, bu uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad – o‘z lavozimini saqlab qolish uchun Oq uydan yordam so‘rash. Hozirgi vaziyatda boshqa gapga o‘rin ham yo‘q", – dedi manbalardan biri nashrga.
Janni Infantino Jahon chempionatining tijoriy huquqlaridagi ulushini xususiy investorlarga sotishni taklif qilganidan so‘ng jiddiy tanqidlarga uchradi. Ko‘plab konfederatsiyalar bu g‘oyaga qarshi chiqdi. UEFA esa Jahon chempionatini boykot qilish bilan tahdid qildi. Keyinchalik Infantino o‘z rejasidan voz kechishga majbur bo‘ldi.
Shundan so‘ng, FIFA Kengashi a’zolari Infantinoga nisbatan mustaqil tekshiruv o‘tkazishni talab qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Agar Infantino mustaqil tekshiruv o‘tkazishga ruxsat berishdan bosh tortsa, kengashning ayrim a’zolari uning iste’fosini talab qilishlari mumkinligi aytilgan.

