Sport

“Infantino soqqalari”. FIFA taqdim qilayotgan yangi loyiha haqida

**"Infantino soqqalari": FIFAning yangi loyihasi haqida**

Janni Infantino, bir paytlar qur’a tashlash marosimlarida sharchalarni aralashtirishi bilan tanilgan shaxs, hozirda FIFA prezidenti sifatida moliyaviy "soqqalar" haqida ko‘p gapirmoqda. Ayniqsa, Donald Tramp bilan yaqinlashgandan so‘ng, uning bu mavzuga qiziqishi yanada ortdi.

**Infantinoning rejasi**

FIFA prezidenti Janni Infantino tashkilotning 20 milliard dollarlik sho‘ba korxonasini tashkil etib, Jahon chempionatlarini o‘tkazish huquqini unga topshirishni rejalashtirmoqda. Ushbu yangi kompaniya investorlari orasida Donald Trampning kuyovi Jared Kushner oilasi ham bo‘lishi mumkin. Yevropa futbol federatsiyalari bu g‘oyaga qat’iyan qarshi chiqib, hatto FIFA bilan aloqalarni uzish bilan tahdid qilmoqda.

Infantinoning bu rejalari haqida ilk bor Londondagi The Times nashri xabar berdi. Unga ko‘ra, FIFA Forward Enterprise (EFE) nomli tuzilma tashkil etiladi va u terma jamoalar hamda klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatlarini o‘tkazish bilan shug‘ullanadi. FIFA bayonotiga ko‘ra, EFE shu yilning o‘zida rivojlanish dasturiga qariyb 4,2 milliard dollar jalb qiladi. Loyihaning moliyaviy konsaltingi JP Morgan bankiga topshirilgan. Sarmoyadorlar guruhini esa Jared Kushnerning ukasi Joshua Kushnerga tegishli "Thrive Eternal" fondi boshqaradi. Joshua, shuningdek, "Mayami Xit" basketbol va "San-Fransisko Jayents" beysbol klublarining minoritar aksiyadori hisoblanadi.

Ushbu loyihaga Xalqaro Avtosport Federatsiyasi (FIA) va "Liberty Media" kompaniyasi o‘rtasidagi kelishuv namuna bo‘lib xizmat qildi. "Liberty Media" "Formula-1" bo‘yicha Jahon chempionatini tashkil qilish huquqini qo‘lga kiritib, daromadlarni bir necha barobar oshirishga muvaffaq bo‘lgan edi. Shu sababli, Infantino loyihasining asosiy figurasi sifatida "Liberty Media"ning sobiq boshqaruvchisi Greg Maffey tilga olinmoqda. Potensial investorlar qatorida 2025-yilda "Atletiko" klubining boshqaruv paketini qo‘lga kiritgan "Apollo Sports Capital" fondi ham bor.

**UEFA bunga qarshi**

UEFA The Times’da chiqqan maqolaga qat’iy javob qaytardi: "Bu endi haddan oshish. Futbolda boshqaruv tuzilmalari manfaatlari kesishmasligi kerak. UEFA bu masalaga o‘ta jiddiy qaraydi. Barcha futbol assotsiatsiyalari xuddi shunday pozitsiyada bo‘lishi shart".

O‘sha kuni kechroq UEFA yana qo‘shimcha qildi: "Futbol va uning boshqaruvi savdo obyekti bo‘lmasligi kerak, ayniqsa, moliyaviy daromadlar qayerga oqayotgani haqida shaffoflik yo‘q bo‘lgan bir paytda".

Lekin Infantinoning rejasi haqidagi xabarlar oqimi tinmayapti. Sky Sports ma’lumotiga ko‘ra, FIFA 29-iyul kuni barcha milliy federatsiyalarga maxsus xat yuborib, ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlash uchun 19-sentabrgacha muddat bergan. Ularni qiziqtirish maqsadida har bir federatsiyaga 40 million dollardan to‘lov va’da qilingan. The Telegraph nashri esa agar loyiha qo‘llab-quvvatlanmasa, milliy federatsiyalarni moliyalashtirish 75 foizga qisqartirilishi ta’kidlanganini ma’lum qilmoqda.

Bu xabarlar UEFA tomonidan yana keskin qarshilik bilan kutib olindi: Yevropa futbol assotsiatsiyalari agar vaziyat shu zaylda davom etsa, ya’ni Infantinoning rejasi amalga oshsa, Jahon chempionati va FIFA’ning boshqa turnirlarini boykot qilish masalasini o‘ylamoqda.

Aslida bu harakatlar Infantino uchun birinchisi emas. U 2018-yilda ham tashqi investorlar bilan kelishmoqchi bo‘lgan, 12 yillik dastur uchun Yaponiyaning SoftBank kompaniyasidan 25 milliard dollar olishni rejalashtirgandi. O‘shanda jahon miqyosidagi yangi turnirlarni tashkil qilish, klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati ishtirokchilarini kengaytirish va bunga Saudiya Arabistoni investorlarini ham jalb qilish ko‘zda tutilgan edi. Ammo UEFA’ning qat’iy qarshiligi rejani barbod qildi, zero yevropaliklar bu loyihalarni o‘zlarining asosiy daromad manbai bo‘lgan Chempionlar Ligasi va Yevropa chempionatiga raqobatchi sifatida ko‘rishgan edi.

Ammo bu bilan Infantinoning saudiyaliklar bilan aloqalari buzilmadi, aksincha, yanada mustahkamlandi. Ar-Riyod JCH-2034 ni qabul qiladi, 2025-yilda AQSHda bo‘lib o‘tgan klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatining asosiy homiysi ham aynan Saudiya Arabistoni bo‘ldi.

JCH-2026 musobaqasi FIFA’ga 12 milliard — rekord darajadagi daromad keltirdi. Bunday moliyaviy natija Infantinoning navbatdagi prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasini ta’minlab berishi ham mumkin. Axir u federatsiyalarga beriladigan mablag‘lar hajmini oshirishga ham va’da bermoqda. Infantinoga ko‘ra, bunday natijalar bilan agar FIFA xususiy kompaniya bo‘lganida, uni umrbod o‘z lavozimida olib qolingan bo‘lishardi. Katta ehtimol bilan, Infantinoning Yevropadagi yetakchi federatsiyalar bilan yildan yilga yomonlashib borayotgan munosabati ham saylovlarga salbiy ta’sir qilmaydi.

UEFA o‘z vaqtida Jahon chempionatini Qatarda o‘tkazish g‘oyasiga ham qarshi chiqqandi, zero turnirning qishga ko‘chirilishi Yevropadagi ichki chempionatlarga qattiq ta’sir qildi. Shuningdek, Infantino Superligani tashkil qilish rejasini qo‘llab-quvvatlashda ham ayblangan. Ayniqsa, JCH-2026 oldidan va turnir davomida FIFA prezidenti turli tanqidlarga nishon bo‘ldi. Trampning bosimi ostida "Balogun ishi"dagi harakatlar va tashkilotning o‘z reglamentini buzishi juda yomon qabul qilindi. UEFA prezidenti Aleksandr Cheferin boshchiligida bir qator Yevropaning yirik futbol federatsiyalari JCH-2026 finali va uning tadbirlarida ishtirok etishdan bosh tortishdi.

Ammo shunda ham vaziyat hech qachon FIFA’ni boykot qilish darajasiga yetib bormagandi. Agar hammasi rostdan ham boykotgacha borib taqalsa, bu nafaqat Janni Infantinoning loyihasiga putur yetkazadi (zero Yevropa jamoalarisiz moliyaviy jozibador turnir tashkil qilishning iloji yo‘q), balki butun futbol tizimi inqirozga yuz tutishi mumkin. Deyarli barcha qoidalar, musobaqalarni tashkil qilishdan tortib, transfer qonunlarigacha — barchasi Yevropa va Lotin Amerikasining yirik federatsiyalari o‘rtasidagi doimiy kelishuv asosida amal qilib kelmoqda. Tabiiyki, bu tizimning parchalanishini tasavvur qilish ham qiyin.

**Endi nima bo‘ladi?**

Infantino federatsiyalarga o‘z rejasini dastlab 18-iyul kuni, mundial finalidan bir kun oldin ma’lum qilgandi. Asosiy urg‘u ushbu federatsiyalarga beriladigan pullarga qaratilgan: aytilishicha, ayni damdagi 8 million dollar o‘rniga bu mablag‘lar dastlab 20 million, keyin esa hatto 24 million dollargacha oshishi ko‘zda tutilmoqda.

Yevropaning yetakchi davlatlari qarshiligiga qaramay, Infantino to‘xtamayotganining asosiy sababi shundaki, FIFA Shveysariyada ro‘yxatdan o‘tgan, 211 milliy federatsiyani o‘ziga jam qilgan notijorat tashkilot hisoblanadi. Har qanday qaror aynan ushbu federatsiyalarning roziligi bilan qabul qilinishi lozim. Bu yerdagi asosiy jihat esa — har bir federatsiyaning teng huquqli bitta ovozga ega ekanidir. FIFA qarorlaridan eng katta moliyaviy ta’sir ko‘radigan Angliya, Germaniya kabi yirik assotsiatsiyalarning ovozi Mo‘g‘uliston yoki Somaliniki bilan teng. Tabiiyki, Infantino va’da qilayotgan mablag‘lar nemislar uchun dengizdan tomchi bo‘lsa-da, kichik davlatlarni va ularning ovozlarini "sotib olishga" bemalol yetadi.

Vaziyat bir necha yil oldingi Superliga mashmashasini ham eslatib yuboradi. Bu balodan bir amallab qutulgan UEFA mana endi yangi — Infantino g‘oyasi bilan ham kurashishi kerak. Chempionlar Ligasi kabi serdaromad "sog‘in sigir"ga ega bo‘lgan va bu katta daromadni o‘zaro bo‘lishib kelayotgan yirik Yevropa davlatlari uchun har qanday yangilik xavf tug‘dirishi tabiiy hol. Bunday ziddiyat, boykot xavfi va ikki tomonlama bleflar har qanday g‘oyaning birdaniga amalga oshib ketishiga jiddiy to‘siq bo‘ladi. O‘rtada turli byurokratik richaglar bor. Tashkilotlar boshqa-boshqa bo‘lgani bilan, u yerda to‘p suradigan futbolchilar va ularga pul to‘laydigan klublar o‘sha-o‘sha. Shunday ekan, hech kim, ayniqsa, boylar mavjud yashab turgan tizimdan voz kechgisi kelmaydi. Bir tomon yangi mablag‘lar futbolni chekka hududlarda ham rivojlantirishini pesh qilsa, ikkinchi tomon futbolning konservativ ekani va uning an’anaviy qadriyatlari haqida bong uradi. Asl maqsad esa baribir boshqa — mutasaddilarning cho‘ntagi.

Futbol yildan yilga biznes uchun jozibador sohaga aylanib bormoqda. Kecha Superliga bo‘lsa, bugun FIFA’ning yangi korxonasi. Baribir pul egalari bu maydonga o‘z sarmoyasini tikib, uni bir necha barobar qilib chiqarib olishga intilaveradi. Hozirgi daromadlar "pirogini" bo‘lishayotganlar esa bunga qarshilik qilishdan to‘xtamaydi. Baribir bir kun kattaroq pul yengib chiqadi va, afsuski, futbol ham unga taslim bo‘ladi.

Bir qaraganda, Infantinoning loyihasi unchalik ham radikal emasdek. Go‘yoki hech narsa o‘zgarmaydi, shunchaki Jahon chempionatlari undan ko‘proq pul qila oladigan alohida tashkilotga berilsa, buning nimasi yomon? Buning ustiga O‘FA ham ko‘proq mablag‘ oladi. Biz bu pullarga terma jamoaga Kannavaroni emas, Gvardiolani olib kelib ishlatishimiz mumkin, nima dedingiz? Shunchaki, buning bitta noqulay tomoni shundaki, taymlar orasidagi sun’iy reklama-breyklarga, yarim soatlik tanaffuslarga o‘zimizni ko‘niktirib turganimiz durustroq. Ertaga futbolchilarni almashtirish uchun tablolarni modellar allambalo (ochiq-sochiq) kiyimlarda ko‘tarib turadigan davrlardan ham qocha olmasak kerak...

investmentfifaworld cupuefagianni infantinoboycottfootball businesssuper league