Mahalliy

“Iltimos emas, talab qiling”. Energetika vaziri — biznesni elektr tarmoqlariga ulash haqida

Tadbirkorlar barcha zarur hujjatlari bo‘lsa, elektr tarmoqlariga ulanishni talab qilishga haqli, dedi yangi energetika vaziri Sherzod Xodjayev. U biznesni energetika kompaniyalari xodimlari bilan masalalarni norasmiy hal qilmaslikka va pora talab qilinganda bu haqda xabar berishga chaqirdi.

“Iltimos qilmang, talab qiling”. Energetika vaziri Sherzod Xodjayev tadbirkorlarga elektr tarmoqlariga ulanish masalasida shunday murojaat qildi.

31-iyul kuni Yangiyo‘l tumanida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazgan yangi energetika vaziri Sherzod Xodjayevning ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi tadbirkorlar barcha zarur hujjatlarni taqdim etgan taqdirda, elektr tarmoqlariga ulanishni talab qilish huquqiga ega.

Tuman hokimi San’atbek Jumaniyozov ishtirok etgan ushbu uchrashuvda 27 nafar tadbirkor qatnashdi. Ular elektr va tabiiy gaz ta’minotidagi uzilishlar, yozgi elektr quvvati yetishmovchiligi, qishki gaz bosimi pasayishi kabi muammolarni ko‘tarib chiqishdi. Shuningdek, tarmoqlarga ulanish uchun texnik shartlarni olish, energiya resurslari uchun qarzdorlik va boshqa masalalar bo‘yicha murojaatlar bildirildi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, murojaatlarning bir qismi bo‘yicha yechimlar bevosita uchrashuvning o‘zida topildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab qiluvchi masalalar yuzasidan mas’ul tashkilotlarga topshiriqlar berildi. Ayrim holatlarni joyida o‘rganish uchun mutaxassislar jalb etiladigan bo‘ldi.

Sherzod Xodjayevning so‘zlariga ko‘ra, agar tadbirkorning barcha hujjatlari to‘g‘ri rasmiylashtirilgan bo‘lsa, u elektr tarmoqlari korxonasidan o‘z majburiyatlarini bajarishni talab qilishga haqli. “Hamma hujjatingiz to‘g‘ri bo‘lsa, siz “Elektr tarmoqlari”dan iltimos qilmang, talab qiling. Bunga to‘liq haqqingiz bor”, — dedi vazir.

Energetika vazirligi elektr va gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar faqat elektron shaklda — Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali rasmiylashtirilishini eslatdi. Tadbirkorlar bu kabi masalalarni elektr yoki gaz ta’minoti korxonalari xodimlari bilan norasmiy tarzda hal qilishga urinmaslikka chaqirildi.

Agar soha xodimlari pora talab qilsa yoki boshqa noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etsa, tadbirkorlarga huquqni muhofaza qilish organlariga yoki Energetika vazirligiga murojaat qilish tavsiya etildi. Vazirlik bunday ma’lumotlar belgilangan tartibda vakolatli organlarga topshirilishini ma’lum qildi.

Uchrashuvda, shuningdek, Energetika vazirligi elektr energiyasi yoki tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik uchun qo‘llangan moliyaviy sanksiyalarni bekor qilish yoki kamaytirish huquqiga ega emasligi tushuntirib o‘tildi. Bunday nizolar qonunchilikka muvofiq sud tartibida ko‘rib chiqilishi mumkin.

Energetika vazirligi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar davom ettirilishini ma’lum qildi. Shtablar Yangiyo‘l va yana 14 ta tumanda o‘z ishini davom ettirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 27-iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev tuman va mahallalar darajasida elektr va gaz ta’minotini tashkil etishning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Pilot modeli Yangiyo‘l tumanida yaratiladi: uning 51 ta mahallasida aholi va biznesning elektr hamda gazga bo‘lgan oylik, choraklik va yillik ehtiyoji o‘rganib chiqiladi, zarur quvvatlar, ta’mirlash ishlari va moliyalashtirish manbalari belgilanadi. Barcha tadbirlarni 1-oktabrga qadar yakunlash rejalashtirilgan bo‘lib, shundan so‘ng ushbu tajriba mamlakatning boshqa tuman va shaharlariga tatbiq etiladi.

korrupsiyaenergetika vazirielektr tarmoqlarishavkat mirziyoyevgaz ta'minotitadbirkorlartexnik shartlaryangiyo'l tumani