“Energetikadagi muammo – tizimning boshqaruvida” | Hafta dayjesti
Energetika vaziri ishdan olindi: elektr ta’minoti tizimi “noldan isloh qilinishi” aytilyapti. O‘zbekiston va Qirg‘iziston endi ittifoqchilar: 5 kunlik muddat 15 kunga uzayadi, o‘tkazish punktlari 15 tadan 30 taga yetadi. Hamma hujjating joyida, lekin baribir xo‘rlanasan: Rossiyada o‘zbek muhojirlar yana tahqirlandi. Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid eng dolzarb mavzulari – Kun.uz dayjyestida.

**"Energetikadagi muammo – tizimning boshqaruvida" | Hafta dayjesti**
Energetika vaziri lavozimidan ozod etildi, elektr ta'minoti tizimini "noldan isloh qilish" zaruriyati ta'kidlanmoqda. O'zbekiston va Qirg'iziston endi ittifoqchilar: 5 kunlik muddat 15 kunga uzayadi, o'tkazish punktlari 15 tadan 30 taga yetadi. Rossiyada o'zbek muhojirlar yana tahqirlandi, garchi ularning hujjatlari joyida bo'lsa ham. O'tgan haftaning O'zbekiston hayotiga oid eng dolzarb mavzulari Kun.uz dayjestida.
**Prezident energetika tizimi haqida: "Odamlar mutlaqo norozi"**
To'rt yil davomida Energetika vaziri lavozimida ishlagan Jo'rabek Mirzamahmudov ishdan bo'shatildi. U ham o'zidan oldingi hamkasblari singari sohadagi asosiy muammolarni hal qila olmadi. Elektr energiyasidagi uzilishlar, metan gaz tanqisligi, suyultirilgan gaz ta'minotining beqarorligi, ko'mirning sifatsizligi, benzin narxining to'xtovsiz oshishi kabi muammolar haligacha dolzarb bo'lib qolmoqda.
Mirzamahmudov gaz qazib olishdagi doimiy pasayishni to'xtata olmadi, natijada mamlakatimiz tabiiy gazning sof importyoriga aylandi va ilk bor Rossiyadan gaz sotib olishga majbur bo'ldi. Neft mahsulotlari bo'yicha ham Rossiyaga bog'liqlik yildan yilga ortib bormoqda. Rossiya bilan hamkorlikda AES qurilishi boshlanishi ham, avval "O'zatom" agentligini boshqargan Mirzamahmudovning vazirlik davriga to'g'ri keldi.
Uning o'tgan to'rt yildagi asosiy yutug'i elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi sezilarli o'sish bo'ldi. Ayniqsa, quyosh va shamol generatsiyasi bo'yicha ko'plab yirik loyihalar ishga tushirilishi natijasida O'zbekiston elektr energiyasi bo'yicha o'z ehtiyojini ortig'i bilan qoplay oladigan darajaga chiqdi. Bu, albatta, juda yaxshi, ammo oddiy iste'molchi uchun eng muhimi – ta'minotning barqarorligi. Svet o'chgan paytda buning sababi tizimdagi energiya tanqisligimi yoki tarmoqlar qizib ketishi – iste'molchiga farqi yo'q. U har yili oshib borayotgan tariflarda pulini oldindan to'lab qo'ygan, qolgani – ta'minotchining vazifasi.
Davlat rahbarining so'zlariga ko'ra, iyun-iyul oylarida energetika tizimida 4 mingga yaqin avariya sodir bo'lib, aholi va tadbirkorlar 8-10 soatgacha elektrsiz qolgan. "Har yili yoz va qishda o'nlab podstansiyalarda avariya bo'lib, yuzlab transformatorlar yonib ketyapti", dedi Shavkat Mirziyoyev. Prezident energetika sohasi rahbarlarining ishidan odamlar "mutlaqo norozi" ekanini ta'kidladi:
"Ochiq aytish kerak: energetikada muammo mablag'da emas – qancha kerak bo'lsa, topib beryapmiz. Muammo – tizimning boshqaruvida. Energetika vazirligi, uning quyi bo'g'inidagi rahbarlarda ijro va mas'uliyati mutlaqo yetishmaydi emas, yo'q desak to'g'ri bo'ladi. Shuning uchun odamlar ham, tadbirkorlar ham energetika tizimiga mas'ul rahbarlarning hozirgi ishidan mutlaqo norozi".
Energetika vaziri lavozimini Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligini boshqarib kelgan Sherzod Xo'jayev egalladi. "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ va Energoinspeksiyaga ham yangi rahbarlar tayinlandi. Shavkat Mirziyoyev ularning oldiga yangicha ish uslubini joriy qilish vazifasini qo'ydi:
"Tizimdagi jiddiy kamchiliklar uchun energetika vaziri va "Hududiy elektr tarmoqlari" rahbarlarini ishdan oldim. "Milliy elektr tarmoqlari", "Issiqlik elektr stansiyalari", "O'ztransgaz" va "Hududgaz" rahbarlariga yil yakunigacha sinov muddati belgilanadi – natija bo'lmasa, ular ham ishdan ketadi. Yangi vazir Sherzod Xo'jayev, "Hududiy elektr tarmoqlari" yangi rahbari Sardor Isaqulov, Energoinspeksiya [yangi] boshlig'i [Ahadxon] Isoqjonov bugundan yangicha ish uslubini joriy qilishi zarur. Hokimlar ham bu energetiklarning ishi deb xotirjam o'tirishga haqqi yo'q. So'rov hammadan qattiq bo'ladi".
Yangi vazir yig'ilishdan keyingi intervyusida "aholining kayfiyati yaxshi bo'lishi uchun" svet o'chishlariga barham berish bo'yicha topshiriq olganini aytdi:
"Asosiy topshiriq – iqtisodiyot rivojlanishi uchun, aholining kayfiyati yaxshi bo'lishi uchun uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash. Kerakli hamma hisob-kitoblarni qilishimiz kerak. Mana shu hisob-kitoblar asosida 3 oy muddatda tizimni takomillashtirish bo'yicha qaror loyihasini kiritishimiz kerak. Bunda tizimga bozor tamoyillarini joriy etishni jadallashtirishimiz kerak. Sohada mahsulotlarni yetkazib berishda, suyultirilgan gazdan boshlab raqobat mexanizmlarini joriy qilish topshirig'i berildi".
"Hududiy elektr tarmoqlari" yangi rahbari Sardor Isaqulov esa elektr ta'minotidagi vaziyatni "ayanchli" deb ta'riflab, tizim "noldan isloh qilinishi"ni aytdi:
"Elektr energiyasini iste'molchilarga yetkazib olib borishda uzilishlar va sifat ko'rsatkichlari judayam ayanchli ahvolda. Bugun muhtaram prezidentimiz aytib o'tdilar, noldan isloh qilamiz. Xonadonga kirib borguncha bo'lgan infratuzilmani joyida, manzilli dastur asosida ishlab, sifat ko'rsatkichini yanada yaxshilash bo'yicha bir qator topshiriqlar berdilar. [...] Sentyabr oyiga qadar kuz-qishga tayyorgarlik mavsumi... Qish kirishidan oldin hali 4 oy vaqtimiz bor. 4 oy vaqt ichida bir qancha ishlar amalga oshirishimiz mumkin. Shuning uchun har bir rahbar ko'zini ochishi, elektr ta'minotidagi uzilishlarga barham berilishi, kelgusida bunday uzilishlar bo'lmasligi uchun omillari bilan kurashish bo'yicha aniq topshiriq berdilar".
**Talon-torojliklar bo'yicha sudlar – yopiq eshiklar ortida**
Energetika bo'yicha selektordan to'rt kun o'tib, Bosh prokuratura huzuridagi Departament gaz hisoblagichlari bilan bog'liq jinoyat ishi ochilgani haqida xabar berdi. Ma'lum qilinishicha, "Hududgazta'minot" AJ va "Texnopark" MChJning mas'ul shaxslari hamda boshqalar o'zaro til biriktirib, elektron gaz hisoblagichlariga texnik xizmat ko'rsatish bahonasida 19 mlrd so'm byudjet pullarini talon-toroj qilib yuborgan. Bundan tashqari, 273 dona gaz hisoblagich davlatning zarariga, ya'ni iste'molni real ko'rsatkichdan kam hisoblagani aniqlangan. Qayd etish lozim, dushanba kungi yig'ilishda davlat rahbari aholi xonadonlariga o'rnatilgan 300 mingta gaz va 234 mingta elektr hisoblagich tarmoqqa ma'lumot uzatmayotganini tanqid qilgandi.
So'nggi kunlarda katta-katta talon-torojliklar bilan bog'liq boshqa bir nechta jinoyatlar bo'yicha sud jarayonlari boshlandi, davom ettirildi yoki yakuniga yetdi. Ularning deyarli hammasini birlashtirib turadigan xususiyat bu – yopiqlik. Xususan, bir-biridan alohida uchta sud protsessi: Davlat aktivlarini boshqarish agentligi sobiq direktori Akmalxon Ortiqov, ichki ishlar vazirining sobiq o'rinbosari Bekmurod Abdullayev va Koreyaga ishga yuborishdagi korrupsion sxemaga oid jinoyat ishlari bo'yicha sud jarayonlarini sudyalar yopiq deb e'lon qildi. Toshkent shahar sudlarining izohlashicha, bu uchta jinoyat ishida "qonun bilan muhofaza etiladigan va shaxsiy hayotga oid ma'lumotlar mavjudligidan kelib chiqib", shunday qarorga kelingan.
Ushbu fonda, "O'zbekneftgaz" sobiq raisi Bahodir Siddiqov ustidan ketayotgan sud ancha-muncha cheklovlar bilan bo'lsa-da ochiq qolgani e'tiborli. Sudya advokatlarning iltimosiga binoan jurnalistlarning sud jarayonidan video yoki audio yozib olishini, hatto rasmga olishini ham taqiqlab qo'ydi, shu bilan birga, jurnalistlar sud majlislarini kelib kuzataverishlari mumkinligini ma'lum qildi.
"O'zbekneftgaz" va Davaktiv sobiq rahbarlariga nisbatan ayblovlar haqida o'tgan hafta to'xtalib o'tgan edik. Ichki ishlar vaziri sobiq o'rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti sobiq boshlig'i Bekmurod Abdullayev ishiga kelsak, u ham uyushgan guruh tarkibida juda ko'p miqdordagi talon-torojliklarda ayblanyapti. U bilan birga sudlanayotgan Jazoni ijro etish departamenti sobiq boshlig'i Rustam Tursunovga ham shu ayblov qo'yilgan. Ish doirasida sudlanuvchilar soni jami 30 nafar. Yanvar oyidagi rasmiy xabarlarni eslasak, bu ish figurantlari davlat xaridlari bilan bog'liq kamida 186 mlrd so'mlik talon-torojlikda ayblanyapti. General Abdullayev avvaliga hibsga olingan, keyinroq 200 mlrd so'mdan ortiq zararni naqd pul shaklida to'lab berganidan so'ng, garov evaziga qo'yib yuborilgan edi.
Koreyaga ishga yuborishdagi yirik korrupsiya keysi bo'yicha ham ayrim tafsilotlar bor. Bu ishda sudlanuvchilar soni 4 nafar va ularning hammasi DXXning sobiq xodimlari ekani aytilyapti. Ularga pora olish, pul yuvish va harbiy xizmatchi bo'la turib hokimiyat vakolatini suiiste'mol qilish moddalari bilan ayblov e'lon qilingan. Rasmiy tasdiq bo'lmasa-da, qator OAVda mazkur ish Janubiy Koreyaga ishlash uchun tashkiliy tarzda yuborishdagi 90 mln dollarlik korrupsiya ishi bilan bog'lab ko'rsatilmoqda.
Hafta davomida ma'lum bo'lgan boshqa korrupsiyaviy ishlardagi asosiy figurantlar – soliqchilar. Xususan, Toshkent shahrining Mirzo Ulug'bek va Shayxontohur tumanlari soliq inspeksiyalarining sobiq boshliqlari ustidan ochilgan jinoyat ishlari bo'yicha sud jarayonlari boshlangan. Ular bilan bir paytda ishdan olingan Soliq qo'mitasi raisining sobiq birinchi o'rinbosari Mubin Mirzayev ustidan sud jarayoni esa yakuniga yetgani oydinlashdi. Sud uni firibgarlik va boshqa jinoyatlarda ayblab, 8 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum qildi. Mubin Mirzayev bilan birga sudlangan 8 kishi esa 5 yildan 9 yilgacha bo'lgan muddatlarga hukm qilindi.
**O'zbekiston va Qirg'iziston – ittifoqchilar**
O'zbekiston qardosh respublikalar bilan eng yaqin do'st va birodar ekanini rasmiylashtirib, hujjatlashtirib qo'yishda davom etyapti. Oxirgi to'rt yilda Qozog'iston, Tojikiston va Ozarboyjon bilan o'zaro munosabatlar ittifoqchilik darajasiga ko'tarilgan edi. Mana endi, Qirg'iziston ham rasman ittifoqchimizga aylandi. Bu haqdagi shartnoma O'zbekiston prezidentining Qirg'izistonga davlat tashrifi doirasida, Cho'lponota shahrida imzolandi.
"Bizning yagona ezgu maqsadimiz – ikki qardosh xalqni yanada yaqinlashtirish", dedi Shavkat Mirziyoyev. Qurilishi davom etayotgan Xitoy–Qirg'iziston–O'zbekiston temiryo'li ham shu maqsadga xizmat qiladi. O'zbekiston yetakchisi bu loyihani "geosiyosatni butkul o'zgartiradigan asr qurilishi" deb atadi. Prezidentlar o'zaro muloqotni eng yuqori darajaga olib chiqish uchun davlatlararo kengash tuzishga kelishib olishdi. Sadir Japarov o'zbekistonlik hamkasbini I darajali "Manas" ordeni bilan taqdirladi.
Ikki o'rtada o'ndan ortiq boshqa kelishuvlar ham imzolandi. Davlat chegarasining uchastkalari to'g'risidagi, shuningdek, "Chashma" bulog'idan birgalikda foydalanish, mudofaa vazirliklari o'rtasidagi hamkorlik, oliy ta'limdagi kreditlarni o'zaro tan olish va pensiya ta'minotiga oid bitimlar shular jumlasidan. Yana bir bitimga asosan, o'zbekistonliklar Qirg'izistonga borganda yoki aksincha, qirg'izlar O'zbekistonga kelganda, 5 kun emas, 15 kungacha ro'yxatdan o'tmay yashashi mumkin bo'ladi. Ikki davlat o'rtasidagi chegara o'tkazish punktlari sonini 15 tadan 30 taga yetkazishga ham kelishib olindi. Qambarota-1 GES loyihasi bo'yicha ham imkon qadar tezroq shartnoma imzolash zarurligi ta'kidlandi.
Issiqko'l bo'yidagi davlat tashrifi tadbirlari Markaziy Osiyo va Ozarboyjon rahbarlarining har yillik maslahat uchrashuvi bilan davom etdi. Sammitning norasmiy qismida mehmonlar Qirg'izistondagi birinchi xalqaro toifadagi golf klubi, besh yulduzli "Boku" mehmonxonasi va Issiqko'lda suv-motor sporti bo'yicha Qirg'iziston Gran-prisini ochib berib, qirg'izlarga turizm rivoji yo'lidagi loyihalarida omad tiladi. Shavkat Mirziyoyev sammitning rasmiy qismidagi nutqida davlatlararo hamkorlik chuqurlashgani sari, umummintaqaviy o'ziga xoslik va xalqlar o'rtasidagi hamjihatlik ham mustahkamlanayotganini aytarkan, endi mintaqaviy hamkorlikning barqaror arxitekturasini shakllantirish bo'yicha amaliy harakatlarga o'tishga chaqirdi.
**"Odamlar dod deganicha bor"**
Toshkentda faollar va ommaviy axborot vositalari yana bitta bolalar maydonchasini biznes markazga aylanib ketishidan asrab qoldi. Bu gal aholi vakillariga shaxsan Administratsiya rahbari Saida Mirziyoyeva yordamga keldi.
Gap Mirobod tumanidagi Lolazor mahallasidagi holat haqida ketyapti. Bu yerda mahalla ahli ekkan daraxtlar shafqatsizlarcha kesib, qo'porib tashlangan. Bolalar maydonchasi atrofi esa biznes-markaz qurish uchun o'rab olingan. Ijtimoiy tarmoqlar va OAVdagi xabarlardan keyin ahvolni voqea joyiga kelib ko'rgan Saida Mirziyoyeva bu haqda Telegram-kanalida shunday yozdi:
"Aholi foydalanishi uchun ajratilgan shahar hududlari ofis yoki turar joy binolarini qurishga mo'ljallanmagan, ular o'z vazifasiga ko'ra xizmat qilishi zarur. [...] Odamlar dod deganicha bor – qurilishlar tufayli poytaxtdagi umumiy hovlilar, o'yin va sport maydonchalari tag-tugi bilan yo'q qilib yuborilyapti".
Administratsiya rahbariga ko'ra, Bosh prokuratura butun Toshkent shahri bo'yicha bunday ob'yektlarni to'liq inventarizatsiyadan o'tkazadi. Qonunbuzarlik aniqlansa, aybdorlar kerak bo'lsa qamaladi. Tashrif videosidan ko'rinishicha, Mirziyoyeva Lolazor mahallasidagi biznes-markaz qurilishi ortida "qanaqadir kuchlar borligi, oddiy odamlar bunday qilolmasligi"ni aytib, buni jinoyat deb baholagan va bolalar maydonchasini xalqqa qaytarishni talab qilgan.
Ko'p o'tmay holat yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atilib, bir kishi hibsga olindi.
**Bu hafta yana nimalar ro'y berdi?**
**Rossiyada markaziy osiyolik mehnat muhojirlari yana tahqirlandi.** Kun.uz'ga kelib tushgan murojaatga ko'ra, Moskva shahrida – o'zbeklar, qirg'izlar va tojiklar ishlaydigan qurilish maydonlaridan birida kuchishlatar organlar xodimlari kelib, ishchilarni cho'kkalab yurishga majburlagan. "Hujjatlarimiz joyida edi, hech qanaqa sababsiz shunday buyruq berishdi, bu masxara qilishdan boshqa narsa emas-ku", deydi Kun.uz suhbatlashgan vatandosh. O'zbekiston rasmiylariga ko'ra, bu qurilish ob'yektida 70 ga yaqin o'zbekistonlik ishlaydi, reyddan keyin ulardan hech biri idoraga olib ketilmagan. Mas'ullar voqeadan keyin vatandoshlar bilan suhbatlashgan va huquqlari buzilgan taqdirda, advokat yollash xarajatlarini qoplab berishlarini aytishgan. Ishchilar esa endi ularga bosim kuchayganini aytishyapti: telefonlari tekshirilib, voqeani kim videoga olib tarqatganini aniqlash choralari ko'rilmoqda.
**Shveytsariyada Gulnora Karimova ishi doirasida qariyb 490 mln dollarlik aktivlar musodara qilinadi.** Shveytsariya Federal jinoyat sudining 27 iyul kungi hukmi bilan, 400 mln frankdan ortiq aktivlarni musodara qilish belgilandi. Shuningdek, Lombard Odier banki pul yuvishga qarshi yetarlicha choralar ko'rmagani uchun 3 mln frank jarimaga tortildi, bankning Karimovaga aloqador hisobvaraqlarga xizmat ko'rsatgan sobiq xodimi esa 2 yillik shartli qamoq jazosiga hukm qilindi. Eslatib o'tamiz, Shveytsariya prokuraturasi mazkur ishda Gulnora Karimovani xorijiy telekommunikatsiya kompaniyalaridan pora olishda ayblagan, Karimova sudda qatnashmagani uchun sudyalar unga qo'yilgan ayblovlar yuzasidan mahkama o'tkazishni rad etgandi.
**Moliya vazirligining Fiskal tahlillar instituti soliq siyosatiga oid qator takliflar bilan chiqdi.** Bu tashkilot yaqinda 1 foizlik soliq keshbekini bekor qilish targ'iboti bilan ko'zga tashlangan edi. Institutning yangi takliflaridan biri – daromad solig'ini progressiv shkalaga o'tkazish. Ya'ni xuddi 2019 yilgacha bo'lgani kabi, odam yuqoriroq daromad olgani sari, ko'proq soliq to'laydigan tizimni qaytarish nazarda tutilyapti. Bundan tashqari, bank omonatlaridan olingan foiz daromadlarini soliqqa tortish, elektr va gazdagi kabi issiqlik ta'minoti tariflariga ham ijtimoiy norma kiritish, alkogol uchun aksiz solig'ini oshirish, yirik korxonalar uchun uglerod solig'ini joriy etish kabi takliflar ilgari surilyapti.
**"Bunyodkor" futbol klubi puli yo'qligi uchun O'zbekiston chempionati doirasidagi safar o'yiniga borolmadi.** Bir paytlar Luiz Felipe Skolarini jahonning eng ko'p maosh oluvchi murabbiyiga aylantirgani aytiladigan klub, moliyaviy muammolar sabab Superliganing 15-turida "Qizilqum"ga qarshi o'ynash uchun Navoiy viloyatiga borolmadi va texnik mag'lubiyat yozildi. Holat takrorlansa, jamoa Superligadan chetlatilishi mumkin. 1 avgust kuni klub o'ziga davlat tomonidan 5 mlrd so'm ajratilgani va endi keyingi o'yinlar uchun tayyorgarlikni davom ettirishi haqida xabar berdi. Eslatib o'tamiz, avvalroq Rivaldo oldidagi qarzdorlik sabab "Bunyodkor"ga FIFA tomonidan transfer taqiqi qo'yilgan edi.

