Mustaqillik bayramiga munosib tuhfa: “O‘zbekgidroenergo”ning 20 MVt li Chorbog‘ shamol elektr stansiyasi

Mustaqillik bayramiga munosib sovg‘a: "O‘zbekgidroenergo"ning 20 MVt quvvatli Chorvoq shamol elektr stansiyasi
Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda energetika sohasini diversifikatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish va "yashil iqtisodiyot" tamoyillarini hayotga tatbiq etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Shu ezgu maqsadlar ro‘yobi yo‘lida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar qatorida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida barpo etilgan 20 MVt quvvatga ega Chorvoq shamol elektr stansiyasi alohida ahamiyat kasb etadi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari, o‘zaro ishonch va samarali hamkorlikning yana bir yorqin natijasi bo‘ldi. Loyihani amalga oshirish uchun Xitoy Hukumati tomonidan 28 million AQSH dollari miqdoridagi beg‘araz grant mablag‘i ajratildi.
"O‘zbekgidroenergo" AJ tomonidan loyihani amalga oshirish bo‘yicha barcha tashkiliy, texnik va muhandislik ishlari belgilangan rejalar asosida bosqichma-bosqich olib borildi. Qurilish-montaj ishlari, elektr tarmoqlariga ulash, muhandislik infratuzilmasini tayyorlash hamda zamonaviy shamol turbinalarini o‘rnatish ishlari to‘liq yakunlandi.
Bugungi kunda Chorvoq shamol elektr stansiyasi foydalanishga to‘liq tayyor holga keltirildi va mamlakatimiz hayotidagi eng ulug‘ bayram – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga munosib tuhfa sifatida ishga tushirilmoqda.
Loyiha doirasida har biri 5 MVt quvvatga ega bo‘lgan 4 ta zamonaviy shamol turbinasi o‘rnatildi. Stansiyaning umumiy quvvati 20 MVtni tashkil etib, u yiliga 50 million kVt.soatgacha ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.
Bu esa qariyb 20 mingta xonadonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini taʼminlash, elektr tarmoqlari yukini kamaytirish hamda mamlakatimiz energetika tizimi barqarorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, stansiya faoliyati natijasida har yili yuz minglab kub metr tabiiy gaz va minglab tonna ko‘mir tejaladi, atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlari hajmi sezilarli darajada qisqaradi. Bu esa mamlakatimizning ekologik barqarorlikni taʼminlash, uglerod izini kamaytirish hamda xalqaro iqlim majburiyatlarini bajarishga qaratilgan saʼy-harakatlariga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.
Eng muhimi, mazkur inshoot mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energetika sohasini rivojlantirish bo‘yicha "O‘zbekgidroenergo" AJning ko‘p yillik izchil saʼy-harakatlarining mantiqiy davomi hisoblanadi. Zero, aynan ushbu jamiyat mamlakatimizda shamol energetikasi bo‘yicha ilk amaliy qadamlarni tashlagan tashkilot sifatida ushbu sohada muhim tajriba maktabini shakllantirgan.
Chorvoq shamol elektr stansiyasining foydalanishga tayyor holga keltirilishi nafaqat energetika sohasidagi navbatdagi muhim yutuq, balki mamlakatimizda "yashil energiya" ulushini oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash va aholini ekologik toza elektr energiyasi bilan taʼminlash yo‘lidagi yana bir tarixiy qadamdir.

