Humans ishi: sud tarkibi o‘zgardi, jarayon qaytadan boshlandi

Humans ishi: sud tarkibi o‘zgardi, jarayon qaytadan boshlandi
Mirobod tumanlararo fuqarolik ishlari sudida Humans kompaniyasi ustidan navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Kompaniya o‘zbekistonliklarning plastik kartalaridan millionlab pullar yechib olingani sababli jamoatchilik e’tiborini tortgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil boshida o‘zbekistonlik investorlardan biri ham kompaniya rahbariyatini sudga bergan. U 12 million dollar investitsiya evaziga va’da qilingan 66 foizlik ulushni talab qilmoqda.
Humans rahbari Vladimir Dobrinin O‘zbekiston sudiga ishonchsizlik bildirgan va bu uning vakillari orqali sudda bir necha bor ta’kidlangan edi. Biroq, o‘sha paytda mamlakat sudiga ishonchsizlik bildirgan Dobrinin davlat sudiga iltimosnoma kiritdi.
Vaqt o‘tib, ushbu ishni ko‘rib chiqayotgan sudyalar tarkibi o‘zgardi. 24-iyul kuni Mirobod tumanlararo fuqarolik ishlari sudida sudya Shamsiyev boshchiligidagi yangi tarkib ishni qaytadan ko‘rib chiqishni boshladi.
Da’vogarning advokati Sherzod Abdulqosimovning so‘zlariga ko‘ra: “Xabaringiz bor, da’vo arizamizni ko‘rgan sudya boshqa sud tashkilotiga o‘tishi munosabati bilan, Fuqarolik protsessual kodeksi bo‘yicha boshqa sudya tayinlandi. Fuqarolik protsessual kodeksi bo‘yicha yangi tarkib sudni qaytadan ko‘rishni boshlaydi. Bugungi kunda biz tomondan, ya’ni da’vogar Maksim Sditanov tomonidan kiritilgan ariza bo‘yicha nutq eshitildi”.
Shuningdek, Abdulqosimov IT sohasida mashhur bo‘lgan, masofaviy dasturlarni saqlaydigan bulutli provayderlarga murojaat qilib, O‘zbekiston Respublikasi sudi nomidan, Maksim Sditanovning arizasi bo‘yicha sud majlisi davomida sud tomonidan, SuperApp nomli dasturiga e’tirozi borligini inobatga olgan holda sudga ariza kiritilganini ma’lum qildi. U sud ishni ko‘rib chiqquniga qadar ushbu dasturga taqiq qo‘yishni, uni uchinchi shaxslarga begonalashtirish, yo‘q qilish yoki o‘chirib tashlashni oldini olish maqsadida ilovaga taqiq solishni so‘rab murojaat yo‘lladi.
Abdulqosimovning bildirishicha, hozirgi kunda dunyoning yetakchi texnologik kompaniyalari va boshqa bulutli provayderlarga, ya’ni 32 ta tashkilotga murojaat qilingan. U barchani O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqarilgan sud qarorining bajarilishiga chaqirdi.
“Hozir raqamli platformaga kirsangiz ilova egasi sifatida Humans License ko‘rsatilgan. Lekin Humans License faoliyati to‘xtatilgan. Shuning uchun buni inobatga olib, sud ko‘rib chiqilgunga qadar ilovaga ‘ban’ qo‘yishni so‘radik. Ishlatib turgan ilovamizni yo‘qotib yubormasin degan ma’noda suddan shu ajrimni olganmiz”, dedi advokat.
Da’vogarning advokati qidiruvdagi Vladimir Dobrininning sudda qatnashmayotgani, hech bo‘lmaganda bu ishda yuridik vakillarining ham ishtirok etmayotganini uning sudda aytadigan aytarli gapi yo‘qligi va o‘zini oqlaydigan biron bir dalillarga ega emasligiga yo‘ydi.
“Dobrinin sudga qatnashmayotgan bo‘lsa, unda sudga gapiradigan hech qanday holati yo‘q deb o‘ylayman. Agarda haqiqatan ham Maksim Sditanov tomonidan berilgan da’vo arizasi noto‘g‘ri bo‘lsa yoki berayotgan dalillari nomaqbul bo‘lsa, Vladimir Dobrininning qo‘lida boshqa dalillar bo‘lsa, o‘ylashimcha u allaqachon sudda qatnashgan bo‘lardi”, dedi Abdulqosimov.
Eng so‘ngida da’vogar vakili Dobrininga murojaat qilib, uni sudda qatnashishga chaqirdi.
“Janob Dobrinini sudda qatnashishga chaqiryapmiz. Kela olmaydigan bo‘lsangiz, videokonferensiya orqali qatnashing. Bo‘lmasa, yuridik vakillaringiz bor, ular sizning nomingizdan sudga ishtirok etsin. Ular ham O‘zbekistonga kela olmaydigan bo‘lsa, Oliy sud tomonidan bunga ham imkoniyat yaratilgan. Xuddi shu masala bugun muhokama qilindi. Sud tomonidan shunday huquq borligi aytib o‘tildi. Bundan tashqari, yangi sud tarkibi tomonidan Vladimir Dobrininning shaxsiy elektron pochtasiga chaqiruv qog‘ozi jo‘natilishi bildirildi”, dedi advokat.

