«Hududgazta’minot» tadbirkordan gaz uchun asossiz pul undirgan
Qoraqalpog‘istonda fermer xo‘jaligidan gaz uchun asossiz undirilgan 96 mln so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarildi. O‘rganishlarda gaz sarfini aniqlashda asosiy qurilma o‘rniga yuqoriroq ko‘rsatkich qayd etgan ikkinchi hisoblagich ma’lumotlaridan foydalanilgani aniqlandi. Natijada iste’mol hajmi 42 ming 149 kub metrga sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatilgan.

«Hududgazta’minot» tadbirkordan gaz uchun asossiz pul undirgani ma’lum bo‘ldi. Raqobat qo‘mitasi axborot xizmatining xabar berishicha, tadbirkordan gaz uchun asossiz undirilgan to‘lov qaytarilishi ta’minlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi «Burgutqal’a Saodati» fermer xo‘jaligining murojaati asosida tekshiruv o‘tkazdi. Tekshiruv natijasida gaz sarfini hisoblashda gaz taqsimlash stansiyasida (GTS) o‘rnatilgan asosiy hisoblagich o‘rniga shoxobchadagi ikkinchi hisoblagichning yuqoriroq ko‘rsatkichlari asos qilib olingani aniqlandi. Bu holat gaz hajmining sun’iy ravishda oshirib hisoblanishiga olib kelgan va gaz uzatish tashkiloti hisoblagichi bilan hisob-kitob qilingan hajm o‘rtasida 42 ming 149 kub metr tafovut yuzaga kelgan.
Raqobat qo‘mitasi mutaxassislari ikkinchi hisoblagich ko‘rsatkichlarini asos qilib olish qonunchilik talablariga zid ekanligini, hisoblagichlar o‘rtasidagi tafovutga gaz ta’minoti tashkiloti tomonidan yetarli texnik yoki metrologik asoslar taqdim etilmaganini aniqladi. Natijada tadbirkordan qariyb 96 million so‘mdan ortiq mablag‘ asossiz ravishda ortiqcha undirilgan. Shu sababli, Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi «Hududgazta’minot» AJ hamda «Hududgaz Qoraqalpog‘iston» gaz ta’minoti filialiga nisbatan ish qo‘zg‘atdi.
Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish va fermer xo‘jaligidan ortiqcha hisoblangan mablag‘ni ixtiyoriy ravishda qayta hisob-kitob qilib qaytarish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
«Hududgazta’minot» AJ tomonidan ushbu qarzdorlik korporativ hisob-kitob tizimi orqali qayta hisoblanib, 96 million so‘mdan ortiq mablag‘ «Burgutqal’a Saodati» fermer xo‘jaligi foydasiga hal etilishi ta’minlandi.

