“Havas qiladigan joy emas”. Vazirliklar xodimlari qamoqxonaga olib borildi. Fotoreportaj
2026-yil birinchi choragida korrupsion jinoyatlar hokimliklar, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida ko‘proq sodir etildi. Antikorrupsiya agentligi salbiy ko‘rsatkichga ega 23 ta tashkilot xodimlarini qamoqxonadagi sharoitlar bilan tanishtira boshladi. Hozircha ularning orasida hokimlar, vazirlar uchramaydi.

"Havas qiladigan joy emas." Vazirlik xodimlari qamoqxonaga olib borildi. Fotoreportaj
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ma'lumotlariga ko'ra, 2026-yilning birinchi choragida eng ko'p korrupsion jinoyatlar mahalliy hokimliklar, ta'lim va sog'liqni saqlash sohalarida qayd etilgan. Tijorat banklari, gaz va elektr ta'minoti, shuningdek, bandlik yo'nalishlari keyingi o'rinlarni egallagan.
Agentlik korrupsiya xavfi yuqori bo'lgan 23 ta davlat tashkilotining xodimlari va rahbarlarini "korrupsiyaning oqibatlari bilan tanishtirish" maqsadida navbatma-navbat jazoni ijro etish koloniyasiga olib bormoqda.
Moliya vazirligi va Soliq qo'mitasi xodimlari. Foto: Telegram / @antikor_uzb
Shu kungacha Qurilish, Adliya, Bandlik, Moliya, Oliy ta'lim, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirliklari hamda Soliq qo'mitasi xodimlari Olmaliqdagi qamoqxonada bo'lishgan. Ular mahkumlarning yashash sharoiti va koloniyadagi vaziyat bilan yaqindan tanishganlar. Hozircha ular orasida vazirlar, qo'mita raislari, hokimlar ko'rinmaydi.
Ushbu tadbirlar doirasida 30-iyul kuni Antikorrupsiya agentligi IIV bilan hamkorlikda Qishloq xo'jaligi va Suv xo'jaligi vazirliklari hamda Avtomobil yo'llari qo'mitasi xodimlari uchun Olmaliq shahridagi 14-sonli JIEKga profilaktik tashrif uyushtirdi. Unda Gazeta muxbiri ham ishtirok etdi.
JIEK boshlig'i o'rinbosari, mayor Bahrom Jamolovning ta'kidlashicha, iqtisodiy turdagi jinoyat sodir etgan mahkumlarning soni oldingi yillarga nisbatan oshgan.
"MIB tomonidan qo'yilgan undiruv masalasiga ham katta e'tibor qaratamiz. Davlat va fuqarolardan moddiy qarzi bor mahkumlarni nisbatan yuqori maosh to'lanadigan ishlarga jalb qilamiz. Bu og'ir yuklamali ishlar bo'lishi ham mumkin. Ular oladigan eng ko'p maosh 8 mln so'm va undan ko'proq bo'ladi", — deydi Jamolov.
Bahrom Jamolov
Uning so'zlariga ko'ra, koloniyada OITS bilan kasallangan 200 nafar mahkum bor, ular alohida tartibda jazo o'taydi. Ozodlikka chiqishidan oldin hududiy sog'liqni saqlash bo'limi, IIB, MFYga xat yuborilib, ogohlantiriladi.
"500 nafar mahkumni ko'rishga hech kim kelmaydi. Qamalgani uchun barcha yaqinlari ulardan voz kechib ketgan. Yaqinlari xabar oladigan mahkumlar ham 3 oyda bir ko'rishishi mumkin. Umuman, bu yer havas qiladigan joy emas", — deydi Bahrom Jamolov qamoqxona bilan tanishishga kelgan davlat tashkilotlari xodimlariga.
Mayor xodimlarning nimalarga ko'proq qiziqqani, qanday savollar bergani haqida ham gapirdi. Ularni, asosan, iqtisodiy turdagi jinoyatlar sodir etgan mahkumlarning qaysi ishlarga yo'naltirilishi, jazoni o'tash tartibi — oson yo qiyinligi qiziqtirgan.
"Bu yerga kelganimdan so'ng inson taqdiri, qonunga hurmat va jamiyat oldidagi mas'uliyat haqida chuqurroq o'ylay boshladim. Korrupsiya orqali erishilgan har qanday manfaat vaqtinchalik, uning oqibati esa insonning erkinligi, obro'si, oilasi va kelajagiga jiddiy zarar yetkazadi. Shuning uchun har qanday noqonuniy taklif yoki harakatdan mutlaqo voz kechishi kerak", — deydi Suv xo'jaligi vazirligi mutaxassisi Abduxalil Xolmatov.
Koloniyada 100 ga yaqin xorijlik mahkumlar ham jazo o'taydi. Bahrom Jamolov ularga o'zbek tili va O'zbekiston madhiyasini o'rganish uchun uch oy muhlat berilishini aytdi. Buning uchun ularga o'zbekzabon mahbuslar biriktiriladi.
Ma'lum bo'lishicha, ushbu koloniyada "Dok-1 Maks" ishi bilan 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Singx Ragvendra Pratap ham jazo o'tab kelmoqda. Biroq u bilan suhbatlashishning imkoni bo'lmadi.
"Agentlik bu uchrashuvlarni shunchaki tadbir sifatida ko'rmayapti. Har bir tashrif va keyingi bosqichlar nazorat va tahlil qilinadi. Vazirlik va idoralarning ichki nazorat tuzilmalari tomonidan xodimlarning faoliyati o'rganiladi, korrupsiya xavfi yuqori yo'nalishlar qayta ko'rib chiqiladi", — deydi Antikorrupsiya agentligi matbuot xizmati rahbari Sherzod Saparov.
Agentlik avgust-sentabr oylarida Ekologiya qo'mitasi, Madaniyat vazirligi, "O'zsuvta'minot", "Hududiy elektr tarmoqlari", "Hududgazta'minot", "O'zbekiston temir yo'llari", "O'zbekneftgaz", Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklari, tijorat banklari rahbarlari va mas'ul xodimlarining JIEKga tashrifini amalga oshirishni rejalashtirgan.
Ko'proq suratlar:

