Mahalliy

O‘zbekistonda mansabdorlarga yopiq qarorlari uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi mumkin

Yopiq qarorlar qabul qilgan mansabdorlarga ma’muriy javobgarlik joriy etilishi mumkin. Antikorrupsiya agentligi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha hujjat tayyorladi. 'Agar loyiha qabul qilinsa, har bir yopiq qaror uchun javobgarlik qo‘llaniladi', — deydi Akmal Burxanov.

O‘zbekistonda mansabdor shaxslar tomonidan qabul qilingan yopiq qarorlar uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi mumkin. Bu haqda 28-iyul kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida o‘tkazilgan jamoatchilik eshituvida ma’lum qilindi, deya xabar beradi Gazeta.uz muxbiri.

2026-yilning yanvar-iyun oylarida “E-qaror” tizimida “yashirilgan” maqomida qabul qilingan 19 495 ta qaror va farmoyish o‘rganildi. Natijada ularning 775 tasi asossiz ravishda yopiq qilingani aniqlandi. Ushbu qarorlarni ochiqlash yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlariga 42 ta taqdimnoma kiritildi.

Agentlik mas’ul xodimi Jo‘rabek Beshimovning so‘zlariga ko‘ra, monitoring tizimi joriy etilganidan so‘ng ochiqlanmaydigan hujjatlar soni o‘tgan yilga nisbatan kamaygan. Uning ta’kidlashicha, Toshkent shahrida yopiq hujjatlar soni 13 foizga, Farg‘ona viloyatida 6 foizga, Surxondaryo va Andijonda 5 foizga, Buxoro, Namangan viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4 foizga qisqargan.

Beshimovning qo‘shimcha qilishicha, talablarga rioya etmagan tashkilotlarga nisbatan agentlik tomonidan ikki marta taqdimnoma kiritilgan va natijada 648 ta yashirilgan hujjatning ochiqlanishi ta’minlangan.

Agentlik rahbari Akmal Burxanov ijtimoiy tarmoqlarda agentlikning yopiq qarorlar bo‘yicha faqat taqdimnoma kiritishi tanqid qilinayotgan bo‘lsa-da, bu hujjatning o‘zi ta’sir chorasi hisoblanishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, taqdimnomada tashkilotga aniq talablar qo‘yiladi: qaror nima uchun yopiq qilinganini tushuntirish, uni qisqa muddatda ochiqlash va buning uchun mas’ul xodimga nisbatan chora ko‘rish talab etiladi. Shuningdek, 10 kun ichida ko‘rilgan choralar haqida agentlikka axborot taqdim etilishi shart.

Burxanovning aytishicha, agentlikning har bir taqdimnomasida shu kabi talablar qo‘yiladi va ularning ijrosi ta’minlangan. "Biz kiritgan taqdimnomalarning barchasi bajarilgan. Birinchidan, yopiq qilingan hujjatlar ochiqlangan. Ikkinchidan, har bir yopib qo‘yilgan hujjat uchun mas’ullarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan. Qonunchilikda bunday holatlar uchun asosan, intizomiy yoki rahbar tomonidan qo‘llanadigan boshqa ta’sir choralari nazarda tutilgan", – deydi agentlik rahbari. Uning ta’kidlashicha, agentlikka yil boshidan bu sohada vakolat berilganidan keyin yopiq qarorlar ko‘lami keskin kamaygan.

Shu bilan birga, Burxanov nega bunday holatlar uchun ma’muriy javobgarlik qo‘llanilmayotganiga ham izoh berdi. "Bu haqli savol. Prezidentimizning 270-sonli farmonida yopiq qarorlar uchun javobgarlik belgilanishi ko‘rsatilgan. Lekin Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda hozircha bunday holat uchun alohida norma yo‘q. Shuning uchun biz tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish loyihasini tayyorladik. Agar bu o‘zgartishlar qabul qilinsa, har bir yopib qo‘yilgan qaror uchun mas’ul mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik qo‘llaniladi", – deydi u.

Avvalroq, Gazeta 2026-yil 1-yarmida hokimliklar qabul qilingan 24,2 mingta hujjatni — umumiy sonining 28,5 foizini jamoatchilikka oshkor qilmaganini yozgan edi. Ular orasida qonun bilan cheklangan ma’lumotlar bo‘lmasa-da, 1,5 trln so‘m (125 mln dollar) ajratish haqidagi 692 ta qaror ham bo‘lgan. Mablag‘larning yarmidan ko‘pi qurilishga yo‘naltirilgan.

Shuningdek, o‘tgan yili Gazeta Toshkent shahar hokimligi qarorlarini tahlil qilib, yilning dastlabki sakkiz oyida qabul qilingan 803 ta qarorning 67 foizdan ortig‘i jamoatchilik uchun yopiq bo‘lganini aniqlagan edi. Bir yil avval xuddi shu davrda yopiq hujjatlar ulushi 47 foizni tashkil etgan.

uzbekistantransparencyofficial accountabilityanti-corruptionadministrative responsibilityclosed decisionse-qaror systempublic access to information