Antikorrupsiya agentligi Shahrisabz tumani hokimi bilan bog‘liq holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazishni so‘radi

Antikorrupsiya agentligi Shahrisabz tumani hokimi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazishni so‘radi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Qashqadaryo viloyati hokimligiga taqdimnoma kiritdi. Unga ko‘ra, Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanovning fuqaro uyiga kirib, xonadonning sanitariya holatini tanqid qilgani va jarima solishni buyurgani aks etgan video yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi lozim.
Agentlikning qayd etishicha, har qanday darajadagi rahbar fuqarolar bilan muloqotda davlat xizmatchisi odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya qilishi shart. Fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini buzish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, shuningdek, asossiz ma’muriy bosim o‘tkazish qonunchilik hamda etika me’yorlariga mutlaqo zid ekani ta’kidlandi.
Shu sababli, agentlik o‘z vakolatlari doirasida Qashqadaryo viloyati hokimligiga holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda xizmat tekshiruvi o‘tkazish va unga huquqiy baho berish bo‘yicha taqdimnoma kiritganini ma’lum qildi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov fuqaroning xonadoniga kirib, yashash sharoitini tanqid qilgani hamda unga nisbatan jarima qo‘llashni buyurgani aks etgan video tarqalgandi.
Shundan so‘ng tuman hokimligi holat yuzasidan “Daryo”ga munosabat bildirib, hokim aslida nogironligi bo‘lgan keksa fuqaroning xonadoniga bormoqchi bo‘lgani, biroq mahalla raisi yanglish ravishda qo‘shni uyni ko‘rsatgani sababli boshqa xonadonga kirilganini ma’lum qilgan.
Ombudsman Feruza Eshmatova ham holat yuzasidan izoh berib, uning pozitsiyasi doim bir xil — har qanday davlat organi yoki mansabdor shaxs faoliyati insonning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish prinsipiga asoslanishi kerakligini ta’kidlagandi.

