Mahalliy

Toshkentning 10 ta tumani hokimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi boshlandi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi taqdimnomasiga asosan Toshkentdagi 12 ta tumandan 10 tasining hokimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi. Maxsus komissiya agentlik tomonidan keltirilgan vajlarni o‘rganib chiqishi va xulosalar tayyorlashi kerak.

Toshkent shahrining 10 ta tumani hokimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi boshlandi.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov poytaxtdagi 12 ta tumandan 10 tasining hokimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazish haqida farmoyish berdi. Ushbu farmoyish 3-avgust kuni imzolangan.

Tekshiruv quyidagi tumanlar rahbarlariga taalluqli: Bektemir (Nurilla Abdurahmonov), Mirobod (Anvar Sayfiddinov), Mirzo Ulug‘bek (Bahodir G‘oibnazarov), Olmazor (Qudratilla To‘laganov), Sergeli (Davron Ismatov), Uchtepa (Bunyod Mamadjanov), Chilonzor (Saidqahhor Xolxo‘jayev), Shayxontohur (Bobur Abubakirov), Yunusobod (Abrorxo‘ja Saidaliyev) va Yashnobod (Baxtiyor Rahmonqulov).

Tekshiruvga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 22-iyuldagi taqdimnomasi asos bo‘ldi. Tekshiruv hujjatda keltirilgan holatlarni aniqlashi va vajlarni o‘rganib chiqishi lozim. Ularning mazmuni farmoyishda ochiqlanmagan.

Tekshiruvni o‘tkazish uchun shahar komissiyasi tuzildi. Unga Toshkent shahar hokimligi komplayens va ichki korrupsiyaga qarshi nazorat xizmati rahbari Shuhrat Turdiqulov boshchilik qildi. Komissiya tarkibiga shuningdek, hokim apparati rahbari, tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari, yuridik boshqarma boshlig‘i va murojaatlar bilan ishlash bo‘limi vakili kirdi.

Komissiyaga “xolisona va sifatli” tekshiruv o‘tkazish hamda uning yakunlari bo‘yicha xulosalarni rasmiylashtirish vazifasi yuklatildi. Zarurat tug‘ilganda, u boshqa tashkilot va idoralar mutaxassislarini jalb qilishi mumkin.

Farmoyish ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining komplayens va ichki korrupsiyaga qarshi nazorat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mirmuhammad Mirhamidov zimmasiga yuklandi.

Gazeta xizmat tekshiruvi boshlanishiga asos bo‘lgan taqdimnoma mazmuni bo‘yicha hokimlik va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga so‘rov yubordi.

tashkentcorruptioninvestigationcomplianceanti-corruption agencydistrict governorsshavkat umurzoqov