Xitoy safariga yaqinlarini yuborgan Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tumanlari hokimlariga hayfsan berildi
O‘z xotini va o‘g‘lini delegatsiya tarkibida Xitoyga yuborgan Qo‘shrabot tumani hokimi hamda delegatsiya ichiga safar maqsadiga aloqasi bo‘lmagan xodimini ham kiritgan Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi intizomiy jazoga tortildi. Antikorrupsiya agentligi taqdimnomasidan so‘ng ularga hayfsan berildi.

Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tumanlari hokimlari o‘z yaqin qarindoshlarini Xitoyga xizmat safarlariga yuborganliklari sababli hayfsan oldilar. Bu haqda 28-iyul kuni Antikorrupsiya agentligida bo‘lib o‘tgan jamoatchilik eshituvida ma’lum qilindi, deya xabar beradi Gazeta muxbiri.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bo‘lim boshlig‘i Abduhamid Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, agentlik 26-fevral kuni Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on va Qo‘shrabot tumanlari hokimlari bo‘yicha taqdimnoma kiritgan.
"Shundan so‘ng xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Unda bizning vakil ham bevosita ishtirok etib, holatni joyida o‘rgandi. Natijalar Odob-axloq komissiyasida muhokama qilindi va uning tavsiyasiga asosan, viloyat hokimi tomonidan Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi Nasriddinov hamda Qo‘shrabot tumani hokimi Shakarboyevga hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanildi", — deydi agentlik rasmiysi.
Antikorrupsiya agentligining 2026-yil mart oyida ma’lum qilishicha, Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tumanlari hokimliklari mansabdor shaxslari tomonidan xizmat safarlariga nafaqat yaqin qarindoshlari, balki safarga bevosita aloqador bo‘lmagan xodimlarning ham yuborilgani aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, Xitoyda Markaziy Osiyo davlatlarining professional fermerlari uchun tashkil etilgan seminarga Qo‘shrabot tuman hokimining haydovchisi M.T. va hokimning o‘g‘li D.D.lar xizmat safariga yuborilgan.
Bundan tashqari, Xitoyda tashkil etilgan "Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va qayta ishlashni tashkil etish" bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarida Qo‘shrabot tumanidagi sohaga aloqador hokimlik vakillari va fermer xo‘jaliklari rahbarlari taklif etilgani ko‘rsatilib, 32 nafar shaxsdan iborat delegatsiya tarkibi (ro‘yxat) taqdim qilingan.
"Biroq, ro‘yxatni o‘rganish davomida ayrim delegatsiya vakillari, jumladan, tuman hokimining turmush o‘rtog‘i M.Sh., hokimlik boshqa mansabdor shaxsining yaqin qarindoshi Ch.H.lar ro‘yxatga asossiz ravishda kiritilgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ro‘yxatdagi N.X. va M.S.lar Qo‘shrabot tumanidagi 1-son texnikum xodimlari sifatida rasmiylashtirilgan bo‘lib, aslida ular ushbu texnikumda ishlamasligi oydinlashdi", — deyiladi agentlik bayonotida.
Qayd etilishicha, Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish va savdo shartnomalari bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishish maqsadida 2025-yilning 22−30-may kunlari Xitoyga xizmat safari tashkil etilib, delegatsiya tarkibiga safar maqsadlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqadorligi bo‘lmagan hokimlik xodimi ham kiritilgan.
"Kun.uz" nashr etgan maqolada Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi 2025-yil 15-avgustda Xitoy safaridan e’lon qilgan suratlarda tuman hokimi Jamshid Nasriddinovning o‘smir yoshdagi o‘g‘li ham aks etgani haqida yozgan. Ammo agentlik bayonotida bu haqda so‘z bormagan.
"Davlat rahbarining 2021-yil 16-iyundagi farmonida mansabdor shaxslarning xorijiy xizmat safarlari haqidagi axborotlar ochiq e’lon qilinishi belgilangan bo‘lishiga qaramay, Kattaqo‘rg‘on hamda Qo‘shrabot tumanlari hokimliklari tomonidan ushbu ma’lumotlar asossiz ravishda yashirilgani aniqlandi", — deyilgandi agentlik axborotida.
Avvalroq, 2025-yilda Sankt-Peterburgda o‘tgan bitiruvchilar bayramiga Samarqand viloyatida amaldorlar o‘z farzandi, jiyani va yaqinlarini yuborgani aniqlanib, ulardan 28 mln so‘m undirilgani hamda mazkur bayramga o‘z farzandi va jiyanini ham yuborgan Samarqand viloyati maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov ishdan olingani, boshqarmaning yana 5 xodimiga intizomiy jazo ko‘rilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.

