Gollivudning milliard dollarlik shedevrlari: kassa rekordlari davrini boshlab bergan 4 ta film

**Gollivudning milliard dollarlik shoh asarlari: Kassa rekordlari davrini boshlab bergan 4 ta film**
Bir paytlar filmlarning jahon prokatida 1 milliard dollar yig‘ishi deyarli imkonsizdek tuyulardi. Biroq 1990-yillarning oxirida bu marraga ilk bor erishildi va kino tarixida yangi davr boshlandi. Quyida milliard dollarlik kassani zabt etgan ilk to‘rtta film haqida so‘z yuritamiz.
**“Titanik”**
Bu boradagi mutlaq rekordchi, albatta, Jeyms Kemeronning “Titanik” filmi bo‘ldi. Kartina 12 yil davomida tarixdagi eng ko‘p daromad keltirgan film maqomini saqlab qoldi. Suratga olish jarayonida byudjet bir necha bor oshirilib, yakunda u o‘sha davr uchun rekord darajadagi — 200 million dollarni tashkil etdi. Bugungi kunda bunday mablag‘ bilan hech kimni hayratga solib bo‘lmasa-da, XX asr oxirida bu mislsiz summa edi.
Shu sababli ko‘pchilik “cho‘kmaydigan” layner halokati fonidagi Jek va Rouzning sevgi hikoyasi o‘zini oqlamasligidan xavotirlangan. Hatto Jeyms Kemeron bir necha bor ishdan bo‘shatilish xavfi ostida qolgan. Biroq prodyuserlar loyihani boshqa hech kim muvaffaqiyatli yakunlay olmasligini tushunib, rejissyorni qo‘llab-quvvatlagan. Natijada film kino tarixida ilk bor 1 milliard dollarlik kassa yig‘imiga erishdi.
“Titanik” kinoteatrlarda 44 hafta davomida namoyish etilib, zalni to‘ldirishda davom etdi. Bugungi kunga kelib, qayta namoyishlar hisobiga uning umumiy daromadi 2,2 milliard dollardan oshgan.
**“Uzuklar hukmdori: Qirolning qaytishi”**
Piter Jekson trilogiyasining yakuniy filmi katta muvaffaqiyat qozonishi kutilgan edi, ammo u yangi moliyaviy rekordlar o‘rnatishini ko‘pchilik tasavvur qilmagan.
Minglab qahramonlar ishtirokidagi ulkan jang sahnalari va keng ko‘lamli kompyuter grafikasi film xarajatlarini 300 million dollargacha yetkazdi. Qolaversa, avvalgi ikki qism juda yuqori mezon o‘rnatgani uchun ularni ortda qoldirish oson emasdi.
Shunga qaramay, film jahon prokatida 1,142 milliard dollar ishlab topdi. Jekson J.R.R. Tolkin asarlari muxlislarini ham, keng auditoriyani ham o‘ziga rom eta oladigan ulkan kinoepopeya yaratishga muvaffaq bo‘ldi.
Film nafaqat trilogiyaning tijoriy muvaffaqiyatini davom ettirdi, balki franchayzaning umumiy daromadini 3 milliard dollarga yetkazdi. Bundan tashqari, “Uzuklar hukmdori: Qirolning qaytishi” hozirgacha “Eng yaxshi film” nominatsiyasida “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritgan yagona fentezi filmi bo‘lib qolmoqda. Kartina jami 11 ta “Oskar”ni qo‘lga kiritgan.
**“Karib dengizi qaroqchilari: Murdalar sandig‘i”**
Ushbu ro‘yxatdagi eng kutilmagan film aynan shu bo‘lsa kerak. Biroq buning sababi uning sifati yoki Jek Chittak muxlislarining kamligida emas.
2006-yilda ekranlarga chiqqan “Karib dengizi qaroqchilari: Murdalar sandig‘i” aslida yirik hikoyaning bir qismi sifatida suratga olingan edi. Oradan bir yil o‘tib namoyish etilgan “Karib dengizi qaroqchilari: Dunyoning chekkasida” filmi undan ham muvaffaqiyatli bo‘lishi kutilgandi. Ammo uchinchi qism milliardlik marrani zabt eta olmadi, ikkinchi film esa 1,066 milliard dollar daromad keltirdi.
Qizig‘i shundaki, bu natija byudjet jihatidan ham tejamkorroq loyiha bilan qo‘lga kiritildi — 225 million dollar, uchinchi qism esa 300 million dollarga tushgan edi. Natijada Disney katta foyda ko‘rdi, Jonni Depp esa Gollivudning eng kassabop aktyorlaridan biri sifatidagi maqomini yanada mustahkamladi.
**“Qora ritsar”**
Kristofer Nolan filmlari umumiy hisobda 6 milliard dollardan ortiq daromad keltirgan. Ular orasida Kristian Beyl ishtirokidagi Betmen trilogiyasi alohida ajralib turadi.
Xit Ledjer ijro etgan Joker obrazi esa “Qora ritsar”ni superqahramonlar haqidagi filmlar tarixidagi klassik asarga aylantirdi. U 1 milliard dollarlik daromadni ortda qoldirgan ilk superqahramon filmi bo‘lib, komikslar asosidagi kinolar ham jiddiy va chuqur mazmunga ega bo‘lishi mumkinligini isbotladi.
Filmga bo‘lgan ulkan qiziqish nafaqat Betmen va Joker qarama-qarshiligi, balki Xit Ledjerning premyeradan avval fojiali vafoti bilan ham bog‘liq edi. Aktyor ikkinchi plandagi eng yaxshi rol uchun vafotidan so‘ng “Oskar” mukofoti bilan taqdirlandi va kino tarixidan abadiy joy oldi. Uning o‘limisiz film shuncha daromad topgan-topmagani noma’lum, biroq u baribir kult kartinaga aylanishi shubhasiz.

