Layfstayl

«O‘rgimchak odam: Yangi kun» prokatda rekord natija ko‘rsatdi

«O‘rgimchak odam: Yangi kun» filmi ilk dam olish kunlarida AQSh va Kanadada 355 million dollar, boshqa mamlakatlarda esa 572 million dollar daromad oldi. Shu tariqa kartina Shimoliy Amerikada yilning eng serdaromad premerasi va Hollivud tarixidagi ikkinchi eng muvaffaqiyatli debyutga aylandi.

«O‘rgimchak odam: Yangi kun» filmi prokatda ajoyib natijalarni ko‘rsatdi.

Shimoliy Amerika prokatida ilk dam olish kunlarida 355 million dollar yig‘ib, «O‘rgimchak odam: Yangi kun» Hollivud tarixidagi ikkinchi eng yaxshi debyut natijasini qayd etdi. Reuters agentligining xabar berishicha, bu ko‘rsatkich filmni 2026 yilda AQSh va Kanadada namoyish etilgan eng daromadli premyeraga aylantirgan.

Kartina xalqaro bozorlarda ham yuqori natijalarga erishdi. AQSh va Kanadadan tashqari mamlakatlarda filmning kassa tushumi 572 million dollarga yetdi, shundan 121 million dollari Xitoy prokatiga to‘g‘ri keladi. Umuman olganda, film ilk uikendning o‘zida dunyo bo‘yicha 927 million dollar daromad to‘pladi.

Shu bilan birga, «O‘rgimchak odam: Yangi kun» Shimoliy Amerikada koronavirus pandemiyasidan keyingi davrda eng yuqori kassa tushumini qayd etgan film bo‘ldi. AQSh va Kanada prokatlari tarixidagi eng muvaffaqiyatli debyut sifatida esa 2019 yilda namoyish etilgan «Qasoskorlar: Intiho» filmi qolmoqda. Tom Holland bosh qahramon rolini ijro etgan yangi «O‘rgimchak odam» ushbu rekorddan atigi 2 million dollar ortda qoldi.

Film superqahramonlar haqidagi kartinalarga global auditoriya qiziqishi pasayib borayotgani haqidagi fikrlarga qaramay, katta muvaffaqiyatga erishdi. O‘rgimchak odam Marvel komikslari olamining eng mashhur qahramonlaridan biri hisoblanadi. Reuters qayd etishicha, mazkur personaj superqahramonlar janriga nisbatan muayyan charchoq kuzatilayotgan sharoitda ham tomoshabinlar uchun jozibadorligini saqlab qolmoqda.

«O‘rgimchak odam: Yangi kun» Tom Hollandning 2016 yildan buyon mazkur qahramon obrazida to‘rtinchi bor paydo bo‘lishi bo‘ldi. Yangi film syujeti bosh qahramonning yolg‘izlik hissi va boshqa insonlar bilan yaqin munosabat o‘rnatishga bo‘lgan intilishiga asoslangan. Agentlikka ko‘ra, aynan shu ruhiy va insoniy mavzular kinotanqidchilar hamda jahon auditoriyasi tomonidan ijobiy qabul qilingan.

"o'rgimchak odam: yangi kun"film rekordiprokat natijalarisuperqahramon filmlarikino yangiliklarikassa tushumitom hollandmarvel