Jahon kinosida milliardlab dollar ishlagan rejissyorlar kimlar?
Jahon kinematografiyasida eng katta kassa yig‘imlarini qayd etgan rejissyorlar reytingi ma’lum bo‘ldi. Reytingda birinchi o‘rinni 10,7 milliard dollardan ortiq yig‘im bilan amerikalik rejissyor Stiven Spilberg egalladi.

Jahon kinosida milliardlab dollar ishlab topgan rejissyorlar kimlar?
2026-yil yanvar oyidagi Statista ma’lumotlariga asoslangan reytingda jahon kinosi tarixida eng ko‘p daromad keltirgan 20 nafar rejissyorning umumiy kassa yig‘imlari hisoblab chiqildi. Ushbu hisob-kitobga 2026-yilda prokatga chiqqan va namoyishi hali yakunlanmagan filmlar kiritilmagan.
Reytingning yetakchisi Stiven Spilberg bo‘lib, uning faoliyati davomida suratga olgan 37 ta badiiy filmi jahon prokatida 10,7 milliard dollardan ortiq daromad keltirgan. Uning eng muvaffaqiyatli filmi "Yura davri bog‘i" (Jurassic Park) bo‘lib, ushbu kartina bir milliard dollardan ziyod kassa yig‘imini to‘plagan. Spilbergning mashhur asarlari qatoriga "Jag‘lar", "O‘zga sayyoralik", "Oddiy askar Rayanni qutqarish" hamda yetti marta "Oskar" mukofotiga sazovor bo‘lgan "Shindler ro‘yxati" kiradi.
Ikkinchi o‘rinni filmlari 9,8 milliard dollar daromad keltirgan Jeyms Kemeron egalladi. Uning "Titanik", "Avatar", "Terminator" va "O‘zga" kabi filmlari jahon kinosida eng mashhur loyihalardan sanaladi. Ayniqsa, "Avatar" franshizasi Kemeronning asosiy muvaffaqiyatiga aylangan.
Reytingda shuningdek, Marvel filmlari bilan tanilgan Entoni va Jo Russo, "Uzuklar hukmdori" va "Xobbit" trilogiyalari muallifi Piter Jekson, "Transformerlar" franshizasi rejissyori Maykl Bey ham yuqori o‘rinlarni egallagan.
Taniqli rejissyor Kristofer Nolan ham eng ko‘p daromad keltirgan kinomualliflar qatoridan joy olgan. Uning filmlari jami 6,1 milliard dollardan ortiq kassa yig‘imini to‘plagan. Nolanning eng katta tijoriy muvaffaqiyati esa Betmen haqidagi trilogiyaning yakuniy qismi – "Qora ritsar: Afsonaning yuksalishi" filmi bo‘lgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, reytingdagi rejissyorlarning aksariyati eng katta moliyaviy muvaffaqiyatga yirik kinofranshizalar yoki mashhur asarlar ekranlashtiruvi orqali erishgan.

