Germaniyada piyodalarni urib yuborgan afg‘onistonlik umrbod qamoqqa hukm qilindi

Germaniyada piyodalarni bosib ketgan afg‘onistonlik shaxs umrbod qamoq jazosiga mahkum etildi.
25 yoshli afg‘onistonlik Farhod Nuriy 2025-yil 13-fevral kuni Myunxen markazida joylashgan Verdi Kasaba uyushmasi namoyishchilari ustiga o‘zining Mini Cooper avtomobilini katta tezlikda haydagan. Ushbu hodisa natijasida 37 yoshli ayol va uning ikki yoshli qizi hayotdan ko‘z yumgan. Bugun, 6-avgust kuni sud erkakni qotillik va qotillikka suiqasd qilishda aybdor deb topib, unga umrbod qamoq jazosini tayinladi.
Bild nashrining xabar berishicha, Myunxen Oliy sudi afg‘onistonlik ushbu shaxsning "aybi o‘ta og‘ir" deb topdi. Bu qaror uning 15 yillik qamoq muddatidan so‘ng shartli ravishda muddatidan ilgari ozod etilish ehtimolini sezilarli darajada kamaytiradi. Shuningdek, sud Nuriyni ikki kishining o‘limi va 23 kishiga nisbatan qotillikka suiqasd qilish holatlari bo‘yicha aybdor deb topdi.
2016-yilda Germaniyaga kelgan Farhod Nuriy ishida Federal prokuratura murakkab sabablarni aniqladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hujumda ham diniy, ham siyosiy omillar rol o‘ynagan. Bunga yolg‘izlik hissi va xavotirlar ham qo‘shilgan. Erkakda hech qanday pushaymonlik alomatlari kuzatilmagan.
BBC xabariga ko‘ra, o‘sha paytda ikki nafar qurbondan tashqari yana 40 kishi turli darajada tan jarohati olgan.
Avvalroq Gretsiyada 24 yoshli qozog‘istonlik shaxs 125 yilga hukm qilingani haqida xabar berilgan edi.

