Germaniyada jazirama oqibatida 10 mingga yaqin odam vafot etdi
Germaniyada 2026 yil boshidan buyon ekstremal issiq tufayli taxminan 10 ming kishi hayotdan ko‘z yumgan. Mamlakat rasmiylari kelasi yozga qadar jaziramaga qarshi yagona milliy harakatlar rejasini ishlab chiqishni taklif qilmoqda.

Germaniyada jazirama tufayli 10 mingga yaqin inson hayotdan ko‘z yumdi.
Germaniya Federal atrof-muhit va iqlimni muhofaza qilish vazirligi davlat kotibi Yoxen Flasbart mamlakatda haddan tashqari issiqlikka qarshi kurashish bo‘yicha milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi yoz boshlangunga qadar Germaniyaning barcha federal yerlarida ishlab chiqilgan jaziramaga qarshi choralarni yagona milliy rejaga birlashtirish zarur. Flasbart iqlim o‘zgarishiga moslashish butun jamiyat uchun muhim vazifa ekanligini va bu yo‘nalishdagi ishlar yetarlicha tez sur’atlarda amalga oshmayotganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, u Germaniya kasalxonalarida konditsionerlar yetishmasligi masalasida Federal hisob palatasini tanqid qildi. Uning aytishicha, Atrof-muhit vazirligi ijtimoiy muassasalarni iqlim o‘zgarishiga moslashtirish dasturini amalga oshirishga harakat qilmoqda, biroq nazorat organi bu ishlarni vazirlik vakolatidan tashqari deb hisoblamoqda.
Flasbart, shuningdek, ushbu muammoni hal etish maqsadida Germaniya asosiy qonuniga tegishli o‘zgartishlar kiritish rejalashtirilayotganini ham ma’lum qildi.
Robert Kox instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026-yil iyul oyi o‘rtalariga qadar mamlakatda ekstremal issiqlik oqibatida taxminan 10 ming kishi vafot etgan. Bu ko‘rsatkich 2016-yildan buyon qayd etilgan yillik eng yuqori daraja hisoblanadi.

