Mahalliy

Gazeta maqolasidan keyin Yunusobod tumanida avtoturargoh o‘rnida mahalla binosi qurishdan voz kechildi

Yunusobodning 17-dahasida avtoturargoh o‘rnida besh qavatli mahalla binosi qurilmaydi. Bu haqda tuman hokimi Gazeta maqolasi e’lon qilinganidan keyin o‘tkazilgan uchrashuvda aholiga ma’lum qildi. Faollar qariyb yarim yil davomida qurilish haqidagi qarorni sud orqali bekor qilishga urinib kelgan edi.

Gazeta maqolasidan so‘ng Yunusobod tumanida avtoturargoh o‘rniga mahalla binosi qurish rejasi bekor qilindi.

4-avgust kuni Gazeta Yunusobod tumanining 17-dahasida yashovchilar 2026-yil mart oyidan beri Toshkent hokimining hovlidagi avtoturargoh o‘rnida besh qavatli mahalla markazi qurish haqidagi qarori ustidan sudlashayotgani haqida xabar bergan edi. Bu ish tumanlararo va shahar ma’muriy sudlarida ko‘rib chiqilgan.

5-avgust kuni kechqurun Yunusobod tumani hokimi Abrorxo‘ja Saidaliyev boshchiligidagi delegatsiya hududga tashrif buyurdi. Aholi bilan uchrashuvda hokim qurilish amalga oshirilmasligini ma’lum qildi.

23-uyda yashovchi Antonina Mirzayevaning Gazeta`ga aytishicha, "Hokim ko‘p qavatli bino qurilmasligini, yer avtoturargoh uchun qoldirilishini aytdi".

Yunusobod tumani hokimligi matbuot xizmati bayonotida "Aholining manfaatlari va ularning haqli e’tirozlari to‘liq inobatga olindi", deyiladi.

Uchrashuv davomida aholi boshqa masalalarni ham ko‘tardi. Bir fuqaro dahada futbol maydonchasi qurishni taklif qildi. Boshqalar esa avtoturargoh bo‘ylab harakat jadal ekanligi va bu yerda bolalar va keksa yoshdagilar avtomobillar ostida qolgani sababli sun’iy notekisliklar o‘rnatishni so‘radi. Hokim bu takliflar yuzasidan aholi bilan alohida uchrashuv o‘tkazish uchun mutaxassislarni yuborishga va’da berdi.

23-uy uy boshqaruvchisi Ra’no Abdusattorova ham mahalla qo‘mitasi keksa yoshdagilar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga yordam ko‘rsatmayotganini bildirdi.

Aholining reviziya shikoyati bo‘yicha sud majlisi 14-avgustga belgilangan.

Gazeta vaziyatni kuzatishda davom etadi.

Avvalroq nashr shunga o‘xshash holatni yoritgan edi – Yashnobod tumanidagi Cho‘lpon mahallasida aholi bir yildan ortiq vaqt davomida futbol maydoni o‘rnida mahalla binosi qurilishiga qarshi sudlarda muvaffaqiyatsiz bahslashgan. Gazeta maqolasi e’lon qilingach, tuman hokimi aholi bilan uchrashib, loyihadan voz kechishga va obodonlashtirish ishlarida ularning takliflarini inobatga olishga va’da bergan. Oradan ikki kun o‘tib, chuqur ko‘milgan va qurilish to‘sig‘i demontaj qilingan.

Mirobod tumanidagi Lolazor mahallasida esa Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva tashrifidan so‘ng prokuratura quruvchi kompaniya mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Ular bolalar va sport maydonchalari o‘rnida qurilish qilishda hujjatlarni soxtalashtirish va vakolatlarini suiiste’mol qilishda gumon qilinmoqda. Bosh prokuraturaga shahar bo‘ylab shunga o‘xshash obyektlarni tekshirish topshirilgan.

urban developmentlocal governmentpublic protestyunusobod districtconstruction disputemahalla centerparking lotcommunity issues