“Aravacha bilan mashinalar orasida sayr qilib bo‘lmaydi”. Yunusobod aholisi ko‘p qavatli uylar hovlisida yangi mahalla binosi qurilishiga qarshi chiqmoqda
Yunusobod tumani aholisi bir yildan buyon hovlidagi avtoturargoh o‘rnida besh qavatli mahalla markazi qurilishiga qarshi kurashmoqda. Fuqarolar sudga murojaat qilgan, qurilish boshlanmasligi uchun esa mahalla aholisidan biri ekskavator oldiga chiqqan. Hozirgi vaziyat tafsilotlari haqida — Gazeta materialida.

“Aravacha bilan mashinalar orasida sayr qilib bo‘lmaydi”. Yunusobod aholisi ko‘p qavatli uylar hovlisida yangi mahalla binosi qurilishiga qarshi chiqmoqda
Yunusobod tumanining 17-dahasida joylashgan 22 va 23-sonli ko‘p qavatli uylar hamda 3-sonli teri-tanosil kasalliklari dispanseri o‘rtasidagi avtoturargoh qariyb bir yildan buyon yarim buzilgan holatda turibdi. Ushbu joyda Toshkent shahar hokimining 2024-yil 29-noyabrdagi yopiq qaroriga asosan, “Qadrdon” mahalla fuqarolar yig‘ini uchun besh qavatli bino qurish rejalashtirilgan. Bu qaror poytaxtda davlat-xususiy sheriklik asosida namunaviy zamonaviy mahalla markazlarini barpo etish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirishga qaratilgan.
Avtoturargohning qisqarishi sababli aholi o‘z avtomobillarini mahallaning tor ko‘chalariga qo‘yishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa maxsus xizmat transportlarining harakatiga to‘sqinlik qilib, hovlilarni deyarli to‘liq avtoturargohga aylantirib yuborgan.
Gazeta muxbirlari voqea joyida bo‘lib, qurilishga qarshi chiqayotgan ko‘p qavatli uylar aholisi bilan suhbatlashdi.
Aholining so‘zlariga ko‘ra, 100 ta avtomobilga mo‘ljallangan avtoturargoh 2013-yilda eski garajlar o‘rnida qurilgan. Biroq 2025-yil 13-oktabr kuni hech qanday ogohlantirishsiz hovliga ishchilar kelib, avtoturargoh inshootlarini demontaj qilishni boshlagan.
“Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari kelib, avtomobillarning davlat raqamlarini suratga oldi, egalarini ish joyidan chaqirtirdi. Shundan keyin bu yerdagi barcha mashinalar olib chiqib ketildi”, — deb eslaydi 23-sonli uy raisi Ra’no Abdusattorova.
Dastlab avtoturargohni to‘liq buzish rejalashtirilgan edi. Biroq mahalla aholisining qarshiligi tufayli demontaj ishlari to‘xtatildi. Shundan so‘nggina quruvchi tashkilot avtoturargoh o‘rnida zamonaviy mahalla binosi qad rostlashi haqidagi o‘z rejasini ma’lum qildi. Aholining ta’kidlashicha, bunga qadar na yig‘ilish o‘tkazilgan, na ular bilan mazkur loyiha yuzasidan biror marta muhokama qilingan.
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahar hokimining 2024-yil 29-noyabrdagi qaroriga asosan, 0,05 gektar maydon “Great Well Business” MCHJga besh qavatli mahalla markazi hamda uning yuqori qavatlarida tijorat xonalarini qurish uchun ajratilgan. Aholi mazkur qaror mavjudligidan faqat 2026-yil yanvar oyida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining murojaatlariga bergan javobi orqali xabardor bo‘lgan. Shundan so‘ng, 2026-yil fevral oyida ular sudga murojaat qilgan.
Ish Toshkent tumanlararo ma’muriy sudida 2026-yil 4-mart kuni ko‘rib chiqila boshlandi. Sud jarayoni olti sud majlisi davomida o‘tkazildi. Shu yilning 15-may kuni sudy B. Kamilov raisligidagi sud aholi arizasini qisman qanoatlantirib, Toshkent shahar hokimining qaroriga ilova qilingan 63-bandni haqiqiy emas deb topdi.
Ushbu bandga muvofiq, 22 va 23-sonli uylar hamda teri-tanosil kasalliklari dispanseri o‘rtasidagi yer maydoni “Great Well Business” MCHJga qurilish ishlarini amalga oshirish uchun ajratilishi belgilangan edi.
Hokimlik o‘z dalili sifatida Prezidentning 2024-yil 16-yanvardagi PQ-25-son qarorini keltirgan. Mazkur qarorga ko‘ra, amaldagi mahalla binosi avariya holatida bo‘lsa, ta’mirga muhtoj bo‘lsa yoki shaharsozlik me’yorlariga javob bermasa, yangi mahalla markazini qurishga ruxsat beriladi. Hokimning bahsli qarorida ham xonalar yetishmasligi va binoda ta’mirlash ishlarini o‘tkazish zarurligi qayd etilgan. Biroq sud talabiga qaramay, hokimlik mahalla binosi haqiqatan ham shunday holatda bo‘lganini tasdiqlovchi hech qanday hujjatni taqdim etmagan.
Sudning joyiga chiqqan holda o‘tkazgan ko‘zdan kechiruv davomida binoda avariya holati belgilari aniqlanmagan. Ayrim joylarda suvoq ko‘chgan bo‘lsa-da, bu nuqsonlarni oddiy ta’mirlash orqali bartaraf etish mumkinligi qayd etilgan. Shuningdek, xodimlar uchun xonalar yetishmasligi aniqlanmagan, binoda yig‘ilishlar zali mavjudligi belgilangan. “Qadrdon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Komil Rahmonovning ma’lum qilishicha, bino 2017 va 2025-yillarda homiylar mablag‘lari hisobidan ta’mirlangan. Sudga jalb qilingan Qurilish vazirligi mutaxassisi Z. Jumanov ham bino ta’mirlangani va hozirda foydalanilayotganini tasdiqlagan.
Sud, shuningdek, xususiy sherikni tanlash masalasini ham ko‘rib chiqdi. “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, xususiy sherik tender orqali yoki istisno holatlarda — masalan, davlat mudofaasi va xavfsizligiga oid masalalar yoki mutlaq huquqlar tatbiq etiladigan obyektlar bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar orqali tanlanadi.
Biroq na Toshkent shahar va Yunusobod tumani hokimliklari, na kompaniyaning o‘zi sudga sherik aynan shu tartiblardan biri asosida tanlanganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etdi. Sud so‘roviga javoban Yunusobod tumani Davlat kadastrlari palatasi filiali ham yer uchastkasi ajratilganiga oid ma’lumotlar na arxivda, na elektron ma’lumotlar bazasida mavjudligini ma’lum qildi.
Sud, shuningdek, qurilishga rozilik bildirgan aholi ro‘yxatini ham o‘rgandi. U 2025-yil mart oyi bilan sanalangan bo‘lib, bu hokimning 2024-yil 29-noyabrdagi qarori qabul qilinganidan uch oydan ortiq vaqt o‘tgach tuzilgan. Shu tariqa, hatto ro‘yxat haqiqiy deb hisoblangan taqdirda ham, aholi bilan kelishuv yer uchastkasi ajratilgandan keyin rasmiylashtirilgani sud qarorida qayd etilgan.
Shu asosda sud yer uchastkasini ajratish aholi bilan kelishilmagan, Toshkent shahar hokimining qaroriga ilova qilingan 63-band esa qonunga zid va asossiz degan xulosaga kelgan.
Birinchi instansiya sudi qaroridan so‘ng tadbirkor apellyatsiya shikoyati kiritgan. 2026-yil 13-iyul kuni Toshkent shahar ma’muriy sudining sudlov hay’ati tumanlararo ma’muriy sud qarorini bekor qildi.
Apellyatsiya instansiyasining asosiy dalili hozirda “Qadrdon” mahalla fuqarolar yig‘ini foydalanayotgan binoga oid bo‘ldi. Sud aniqlashicha, ushbu bino avval 55-sonli oilaviy poliklinikaga tegishli bo‘lgan. Maydoni 300 kvadrat metr bo‘lgan bir qavatli bino 420 kvadrat metrli yer uchastkasida joylashgan. Ko‘zdan kechirish davomida mahalla fuqarolar yig‘ini yettita xonani egallab turgani aniqlangan. Ulardan biri hojatxona, yana biri oshxona sifatida foydalanilmoqda, uchta xona esa “mahalla yettiligi” xodimlari uchun ajratilgan. Binoning katta qismi ta’mirlashga muhtoj ekani ham qayd etilgan.
Bundan tashqari, sudlov hay’ati SHNQ 2.07.01−23 qurilish me’yorlariga tayandi. Unga ko‘ra, 1,5−3 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatadigan mahalla markazi uchun 0,6−0,9 gektar maydon talab etiladi. “Qadrdon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Komil Rahmonov sudda mahallada 8 mingdan ortiq aholi yashashini ma’lum qildi. Shu asosda sudlov hay’ati bunday aholi soniga mos keladigan me’yoriy talablarga javob beradigan binoga hozirgi 420 kvadrat metrlik yer uchastkasida joy topishning iloji yo‘q, degan xulosaga keldi. Shu bois, tumanlararo sudning mavjud binoda faqat ta’mirlash ishlarini amalga oshirish yetarli degan xulosasi erta chiqarilgan, deb topildi.
Mahalla fuqarolar yig‘inining hozirgi binosi.
Ayni paytda apellyatsiya sudi qarorida birinchi instansiya sudi xulosasiga asos bo‘lgan boshqa muhim vajlar — xususiy sherikni tanlashda tender o‘tkazilmagani va qurilishga rozilik bildirgan aholi ro‘yxati keyingi sana bilan rasmiylashtirilgani — tahlil qilinmagan.
23-sonli uyda yashovchi Antonina Mirzayevaning so‘zlariga ko‘ra, sayyor sud majlisi vaqtida uch nafar sudyadan biri tajovuzkor munosabatda bo‘lib, ayollarga ovozini ko‘tarib gapirgan. Uning aytishicha, qaror maslahatlashuv uchun chiqilganidan so‘ng atigi bir daqiqa ichida qabul qilingan. Aholi yer uchastkasi mahallaga kerak bo‘lmagan holda nega quruvchiga berilayotganini so‘raganda, sudya: “Sizlarga kerak emas, boshqalarga kerak”, deb javob bergan.
24-iyul kuni aholi shu Toshkent shahar ma’muriy sudiga reviziya tartibida shikoyat kiritgan. Sud majlisi 14-avgustga belgilangan.
28-iyul kuni esa ishchilar og‘ir texnika bilan hududga yana kirishga uringan.
“Sud jarayoni hali tugamagan bo‘lsa, siz bu yerga qaysi huquq bilan kiryapsiz?” — deya Ra’no Abdusattorova quruvchi vakili bilan bo‘lgan suhbatini eslaydi.
Uning aytishicha, quruvchi vakili sudda g‘alaba qozonganini va endi ushbu yer uchastkasining egasi ekanini aytgan. Shundan so‘ng aholi mahalla profilaktika inspektorini chaqirgan. Inspektor kelgunga qadar Abdusattorova ekskavator yo‘liga chiqib, uning harakatlanishiga to‘sqinlik qilgan. Oqibatda quruvchi hududni tark etgan.
Material e’lon qilingan vaqtga kelib, ushbu yer uchastkasida qurilish ishlari hali boshlanmagan.
Aholining asosiy e’tirozi mahalla binosining o‘ziga emas, balki uni qurish uchun avtoturargoh yo‘q qilinishiga qaratilgan.
“Agar avtoturargoh to‘liq buzilsa, bu yerdagi yuztaga yaqin mashina hovlilarga chiqib ketadi. Shunda uylar oldiga na tez yordam, na yong‘in-qutqaruv xizmati mashinalari kira oladi. Biz esa qayerda yuramiz? Bolalar aravachasi bilan mashinalar orasida sayr qilib bo‘lmaydi. Ayniqsa, issiq pasaygan kechqurunlarda bu yerning hammasi mashinalar bilan to‘lib ketadi”, — deydi Antonina Mirzayeva.
Uning qo‘shnisi Natalya Kashevichning aytishicha, avtoturargoh ostida sovuq va issiq suv quvurlari o‘tgan bo‘lib, poydevor uchun chuqur qazish ishlari vaqtida ularga zarar yetishi xavfi bor. Bu esa bir vaqtning o‘zida bir nechta ko‘p qavatli uyni suv va issiqlik ta’minotisiz qoldirishi mumkin.
Aholini yana bir masala — yer uchastkasi atrofidagi daraxtlar taqdiri ham xavotirga solmoqda. Ularning ta’kidlashicha, besh sotixlik hududning uch tomoni yashil daraxtzor bilan o‘ralgan, to‘rtinchi tomonida esa avtoturargohning saqlanib qolgan qismi joylashgan. Aholi fikricha, qurilish ishlari olib borilsa, daraxtlarning bir qismi muqarrar ravishda zarar ko‘radi.
Aholida qurilishni kelishish tartibiga nisbatan ham e’tirozlar bor. Ularning ta’kidlashicha, mahalla qo‘mitasi sudga taqdim etgan fuqarolar yig‘ini bayonnomasidagi imzolar soxtalashtirilgan.
“Men umuman hech narsa ko‘rmaganman, hech qanday imzo ham qo‘ymaganman”, — deydi Ra’no Abdusattorova. Uning so‘zlariga ko‘ra, ro‘yxatda mahallada hech qachon yashamagan shaxslarning ismlari ham bor.
Mirzayevaning aytishicha, aholining Bosh prokuratura va Yunusobod tumani prokuraturasiga yo‘llagan jamoaviy murojaatlari mazmunan ko‘rib chiqilmagan. Murojaatlar Qurilish vazirligiga yuborilgan, u yerdan esa, aholi so‘zlariga ko‘ra, faqat rasmiy javob kelgan.
Aholi eski mahalla qo‘mitasi binosi haqiqatdan ham yangilanishga muhtojligini inkor etmaydi. Aytishlaricha, hozir binoda na talabga javob beradigan pandus, na sifatli ta’mir mavjud. Biroq ularning fikricha, buning uchun avtoturargohni buzib, uning o‘rnida besh qavatli bino qurish shart emas.
“Bu binoga tegib, uning o‘rnida zamonaviy, barcha qulayliklarga ega yangi bino qurish mumkin. Buning uchun hozirgi mahalla qo‘mitasi hududida yetarlicha joy bor”, — deydi Natalya Kashevich, amaldagi mahalla qo‘mitasi joylashgan hududni ko‘rsatar ekan.
Aholining so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahar hokimi nomiga yo‘llangan jamoaviy murojaatga 22, 23, 24 va 25-sonli uylardagi 200 dan ortiq xonadon vakillari imzo qo‘ygan. Murojaatda ular avtoturargohning buzilishi va mahalla ichida qurilish ishlarining boshlanishi yashash muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek, mahalliy infratuzilmaga ortiqcha yuklama tushirishini ta’kidlagan. Mazkur shikoyat nusxalari Bosh prokuratura hamda Yunusobod tumani prokuraturasiga ham yuborilgan.

