Mahalliy

Farg‘onada kadastr rahbari 600 dollar olgani fosh bo‘ldi

Farg‘ona viloyatida Davlat kadastrlari palatasining tuman filiallaridan biri rahbari noqonuniy qurilgan savdo do‘koniga nisbatan qonuniy chora ko‘rilmasligini ta’minlash evaziga 600 AQSh dollari olgani aniqlandi. Mansabdorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Farg‘onada Kadastrlar palatasi tuman filiallaridan birining rahbari 600 dollar pora olganlikda ayblanmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, 1990-yilda tug‘ilgan fuqaro noqonuniy qurilgan savdo do‘koniga nisbatan Kadastr agentligi tuman bo‘limi tomonidan tuzilgan dalolatnomani bekor qildirishni so‘ragan. Filial rahbari ushbu dalolatnomani bekor qilishni va ob’yekt bo‘yicha qonuniy chora ko‘rilmasligini ta’minlash evaziga joriy yilning iyul oyi boshida fuqarodan 600 AQSh dollari olgan.

Biroq, mansabdor shaxs o‘z va’dasini bajarmagan va keyinchalik fuqaroga 500 AQSh dollarini qaytarib bergan.

Ushbu holat Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida fosh etilgan.

Holat yuzasidan Kadastrlar palatasi filiali rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

cadastreuzbekistaninvestigationillegal constructionbriberycorruptionfraudlaw enforcement