Mahalliy

Surxondaryoda fuqaroni 1000 dollar evaziga Milliy gvardiyaga ishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Surxondaryoda bir shaxs fuqaroni 1000 AQSH dollari evaziga Milliy gvardiya tizimiga ishga joylashtirishni va’da qilganida qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, joriy yilning 24-iyul kuni Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor qidiruv xizmati xodimlari Denov tumanida tezkor tadbir o‘tkazgan. Tadbir davomida 1997-yilda tug‘ilgan shaxs Oltinsoy tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroga yuqori lavozimdagi tanishlari orqali yordam berishini aytib, uni Surxondaryo viloyati Milliy gvardiyasi tizimiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgani aniqlangan.

Gumonlanuvchi o‘z xizmati uchun talab qilingan 1000 AQSH dollaridan 500 dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxda fuqaroni 1000 dollar evaziga shifoxonaga ishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxs, Qashqadaryoda esa o‘qituvchilikka ishga olish uchun 500 dollar pul so‘ragan direktor qo‘lga olingan edi.

uzbekistannational guardinvestigationbriberycorruptionfraudemploymentlaw enforcement