Mahalliy

Pora talab qilgan rahbar va o‘qishga kiritishni va’da qilgan shaxs ushlandi

Samarqand viloyatida tadbirkordan pora talab qilgan elektr ta’minoti korxonasi rahbari hamda Toshkent shahrida fuqaroni oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritishni va’da qilib yirik miqdorda pul talab qilgan shaxs tezkor tadbirlarda qo‘lga olindi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

**Pora evaziga jinoiy javobgarlikdan qutqarishni va'da qilgan rahbar va o'qishga kiritishni taklif qilgan shaxs qo'lga olindi**

Samarqand viloyatining tumanlaridan birida elektr ta'minoti korxonasi rahbari mahalliy tadbirkorga tegishli umumiy ovqatlanish shoxobchasining elektr tarmog'iga noqonuniy ulanishi natijasida davlatga yetkazilgan 393 million so'mlik zararni yashirish evaziga pora talab qilgan. U tadbirkorni jinoiy javobgarlikka tortmaslikni va'da qilib, zararni kamaytirib ko'rsatgan holda ishni ma'muriy tartibda sudga chiqarish uchun 5 ming AQSh dollari so'ragan.

Joriy yil iyul oyining oxirida mansabdor shaxs ushbu mablag'ning 4 ming AQSh dollarini olgan. Keyinchalik u tadbirkordan qolgan 1 ming dollarni ham tezroq berishini talab qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o'tkazilgan tezkor tadbirda u qolgan 1 ming AQSh dollarini uchinchi shaxs orqali olayotgan vaqtida qo'lga olingan. Ma'lum bo'lishicha, ushbu rahbar avval ham sudlangan.

Shuningdek, Toshkent shahrida 1988-yilda tug'ilgan, avval sudlangan shaxs o'zining yuqori lavozimdagi tanishlari orqali 2001-yilda tug'ilgan fuqaroni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga o'qishga kiritib qo'yishni va'da qilgan. Buning evaziga u 20 ming AQSh dollari talab qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o'tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi oldindan 13 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo'lga olingan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo'zg'atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.

uzbekistancorruptionlaw enforcementextortionbriberyeconomic crimesabuse of powereducation fraud