Mahalliy

Endi hayvonlar majburiy tartibda ro‘yxatga olinadi

7-avgustdan O‘zbekistonda «Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirdi. Hujjatga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan saqlanadigan yoki ko‘paytiriladigan hayvonlar majburiy tartibda identifikatsiya qilinishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.

Hayvonlarni majburiy ro‘yxatga olish tartibi joriy etilmoqda.

Yangi qonunchilikka muvofiq, qoramol, qo‘y, echki va tuyalar tug‘ilganidan keyin 14 kun ichida, otlar 4 oydan so‘ng, cho‘chqalar 1 oydan keyin, itlar va mushuklar esa 3 oydan keyin identifikatsiya qilinishi shart. Ushbu muddatlar tugaganidan so‘ng bir oy ichida hayvonlar ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.

O‘zbekistonga saqlash yoki ko‘paytirish maqsadida olib kirilgan hayvonlar mamlakatga kirgan sanadan boshlab 21 kun ichida identifikatsiya qilinishi kerak.

Qonunda, shuningdek, hayvon so‘yilganda, nobud bo‘lganda, o‘lganda, yo‘q qilinganda yoki mamlakatdan tashqariga olib chiqilganda, u yetti kun ichida davlat hisobidan chiqarilishi belgilangan.

Hayvon egasining arizasiga asosan, vakolatli davlat organi vakili besh ish kuni ichida hayvonni identifikatsiya qilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazishi shart. Ushbu qonun hayvonlar hisobini yuritish va ularning harakatini yagona tizim orqali kuzatishni ta’minlashga qaratilgan.

qishloq xo‘jaligiqonunchilikhayvonlarni ro'yxatga olishhayvonlar hisobiidentifikatsiyachorvachilikveterinariyao‘zbekiston