Mahalliy

O‘zbekistonda 7-avgustdan uy hayvonlarini ro‘yxatdan o‘tkazish boshlanadi

Oʻzbekistonda 2026-yil 7-avgustdan boshlab uy hayvonlarini roʻyxatdan oʻtkazish jarayoni boshlanadi. Bu "Hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatish toʻgʻrisida"gi qonunning kuchga kirishi bilan bogʻliq.

Ushbu qonun hayvonlarga identifikatsiya raqami berishni nazarda tutadi. Bu raqam orqali hayvonning yoshi, jinsi, rangi, zoti va boshqa muhim maʼlumotlari aniqlanadi. Identifikatsiya natijasida olingan barcha maʼlumotlar, shu jumladan berilgan identifikatsiya raqamlari ham elektron axborot tizimiga kiritiladi.

Qonunga koʻra, it va mushuklar 3 oylikkacha, qoramol, qoʻy, echki va tuyalar esa tugʻilganidan keyin 14 kun ichida veterinariya xizmatida roʻyxatdan oʻtkazilishi shart. Agar belgilangan muddat oʻtkazib yuborilsa, hayvonlar bir oydan kechiktirmay roʻyxatga olinishi lozim. Oʻzbekistonga saqlash yoki koʻpaytirish maqsadida olib kiriladigan hayvonlar esa mamlakatga kirgan sanadan boshlab 21 kun ichida identifikatsiya qilinishi kerak.

Identifikatsiya vositalari orasida hayvonning identifikatsiya raqamini oʻz ichiga olgan vizual birkalar, elektron mikrochiplar va aralash mikrochipli birkalar mavjud boʻlib, ular hayvonni boshqalardan ajratish imkonini beradi.

Hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatish bilan bogʻliq xarajatlar hayvon egalarining shaxsiy mablagʻlari, homiylik xayriyalari, davlat budjeti mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

2028-yil 1-yanvardan boshlab identifikatsiya qilinmagan va roʻyxatga olinmagan hayvonlarni saqlash va koʻpaytirish taqiqlanadi.

"Hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatish toʻgʻrisida"gi qonun loyihasi 2024-yil sentyabrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi oʻqishda qabul qilingan edi. 2025-yil fevralida uchinchi oʻqishda qabul qilinib, Senatga yuborilgan. Senatning 28-maydagi yalpi majlisida ushbu qonun maʼqullangan. Nihoyat, 2025-yil 6-avgust kuni qonun prezident tomonidan imzolangan.

uzbekistananimal registrationpet identificationanimal trackinganimal lawlivestock registrationmicrochippinganimal welfare