O‘zbekistonda hayvonlarni identifikatsiya qilish tartibi va ijtimoiy tarmoqlardagi feyk xabarlarga izoh berildi

O‘zbekistonda hayvonlarni identifikatsiya qilish tartibi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yolg‘on xabarlarga rasmiy izoh berildi. Bu haqda O‘zbekiston axborot agentligi xabariga tayanib ma’lum qilindi.
2025-yil 6-avgustda qabul qilingan “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonun atrofida paydo bo‘lgan turli talqinlarga mutaxassis munosabat bildirdi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda “pasportsiz to‘y bo‘lmaydi” yoki “hayvonlarga oila qurish taqiqlanadi” kabi asossiz va feyk xabarlar tarqalgani qayd etildi.
Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish markazi bo‘lim boshlig‘i G‘ayrat Qo‘ziboyevning ta’kidlashicha, qonunning asosiy maqsadi aholiga qo‘shimcha muammolar tug‘dirish yoki jarima solish emas. Aksincha, uning asosiy vazifasi epizootik xavfsizlikni ta’minlash hamda “fermadan dasturxongacha” tamoyili asosida oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilishdan iborat.
Qonunga ko‘ra, hayvonlarni identifikatsiya qilish va ro‘yxatga olish uchun quyidagi muddatlar belgilangan:
* Qoramol, qo‘y, echki va tuyalar – tug‘ilganidan 14 kun o‘tgach;
* Cho‘chqalar – 1 oy o‘tgach;
* It va mushuklar – 3 oy o‘tgach;
* Otlar – 4 oy o‘tgach (belgilangan muddat tugaganidan keyin bir oydan kechiktirmay).
Ushbu yangi tizim orqali go‘sht va sut mahsulotlarining kelib chiqishi, hayvonlarning emlanganligi va sog‘lig‘i haqida elektron ma’lumotlar bazasi yaratiladi. Bu esa bozorda keksa hayvon go‘shtini yosh mol go‘shti deb sotish kabi firibgarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Shuningdek, 2028-yil 1-yanvardan boshlab identifikatsiya qilinmagan va ro‘yxatga olinmagan hayvonlarni saqlash yoki ko‘paytirishga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi talab to‘liq kuchga kirishi ta’kidlandi.
Avvalroq, identifikatsiya qilish vositalariga hayvonning identifikatsiya raqamini o‘z ichiga oluvchi, uni boshqa hayvonlardan ajratish imkonini beradigan vizual birkalar, elektron mikrochiplar va aralash mikrochipli birkalar kirishi haqida xabar berilgan edi.

