Dunyo

Dunay daryosida suv sathi pasayib, qariyb 1700 yillik Rim ko‘prigi qoldiqlari ko‘rindi

**Dunay daryosida suv sathi pasayishi natijasida qariyb 1700 yillik Rim ko‘prigi qoldiqlari ko‘rindi**

Bolgariyada Dunay daryosining suv sathi sezilarli darajada pasayishi oqibatida qadimgi Rim davriga oid Konstantin ko‘prigining suv ostida qolgan poydevorlari yuzaga chiqdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Ushbu hodisa arxeologlarga Rim imperiyasining ulkan muhandislik inshootlaridan biri bo‘lgan ko‘prik qoldiqlarini o‘rganish uchun noyob imkoniyat yaratdi.

Joriy yozda Yevropada kuzatilgan misli ko‘rilmagan issiqlik to‘lqinlari qit’aning ayrim hududlarida jiddiy qurg‘oqchilikka olib keldi. Bu esa Dunay va Reyn kabi Yevropaning yirik daryolarida suv sathining pasayishiga sabab bo‘ldi.

Pleven mintaqaviy tarix muzeyi mutaxassisi Pavel Popovning ta’kidlashicha, Dunay odatda ko‘prik qoldiqlarini suv ostida saqlaydi. Suvning chekinishi esa arxeologlarga inshootni tabiiy muhitda kuzatish, suratga olish va tadqiq qilish imkonini bermoqda.

Konstantin ko‘prigi Rim imperatori Konstantin I buyrug‘i bilan qurilgan bo‘lib, milodiy 328-yilda foydalanishga topshirilgan. U hozirgi Bolgariya hududidagi qadimgi Ulpiya Eskus shahrini Dunayning narigi sohilidagi, hozirgi Ruminiya hududida joylashgan Sutsidava bilan bog‘lagan.

Uzunligi 2 kilometrdan ortiq bo‘lgan bu inshoot qadimgi dunyodagi eng uzun ko‘priklardan biri hisoblanadi. Biroq u uzoq xizmat qilmagan – olimlar ko‘prikning katta qismi taxminan 367-yilda vayron bo‘lgan deb hisoblaydi.

Pleven muzeyi arxeologlari Bolgariya shimolidagi Gigen qishlog‘i yaqinida suvdan ochilib qolgan poydevorlarni dronlar yordamida suratga olib, xaritaga tushirdi. Mutaxassislar shu orqali ko‘prikning ko‘rinib turgan qismlari yo‘nalishini aniqlash va ularning hozirgi holatini baholashga harakat qilmoqda.

Avvalroq Serbiyada Dunay daryosining suv sathi pasayishi sababli Germaniya harbiy kemasining qoldiqlari yuzaga chiqqani xabar qilingandi. Daryoda suv sathining rekord darajada pasayib ketgani tufayli Vengriya yagona atom elektr stansiyasi faoliyatini to‘xtatishni rejalashtirgan.

arxeologiyasuv sathi pasayishiulpiya eskusrim ko‘prigibolgariyakonstantin ko‘prigiqurg'oqchilikdunay daryosi