Daniyaning 19 yoshli malikasi harbiy xizmatga ketdi

Daniya malikasi Izabella, qirol Frederik X ning 19 yoshli qizi, harbiy xizmatga kirdi. Bu haqda Deutsche Welle ma’lum qildi.
Malika Izabella Zelandiya orolidagi Slagelse shahri yaqinida joylashgan Gvardiya gusar polkida 11 oy davomida xizmat qiladi. U ushbu bo‘linma harbiy xizmatchilariga beriladigan taxminan 9 ming Daniya kronasi (1,38 ming AQSH dollari) miqdoridagi maoshdan voz kechishga qaror qildi.
Xizmatning dastlabki besh oyi asosiy harbiy tayyorgarlikni o‘z ichiga oladi, qolgan olti oy esa shtat majburiyatlarini bajarishga bag‘ishlanadi. Uning akasi, valiahd shahzoda Kristian ham xuddi shu polkda xizmat qilganida armiya maoshidan voz kechgan edi.
Yevropadagi xavfsizlik vaziyatining keskinlashuvi tufayli Daniyada harbiy xizmat muddati 4 oydan 11 oyga uzaytirildi. Shuningdek, 2027-yildan boshlab 18 yoshga to‘lgan qizlar uchun ham harbiy xizmat majburiy etib belgilandi. 2026-yilda mamlakat armiyasiga xizmat qilish uchun 1600 nafar yigit va qiz yo‘l olgan. Daniya Norvegiya va Shvetsiyadan keyin ayollar uchun majburiy harbiy xizmatni joriy etgan NATOning uchinchi davlati hisoblanadi.

