Dunyo

Daniya Arktikada mudofaa imkoniyatlarini kengaytirmoqda

Daniya Arktika mintaqasidagi geosiyosiy taranglik kuchayib borayotgan bir paytda Farer orollari atrofidagi harbiy ishtirokini kengaytirishga qaror qildi. Bu tashabbus NATOning mintaqadagi dengiz operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash, F-35 qiruvchilari ishtirokida patrullarni yo‘lga qo‘yish hamda xavfsizlikni mustahkamlashni nazarda tutadi.

Daniya Arktikadagi mudofaa imkoniyatlarini kengaytirishga kirishdi.

Daniya Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, mamlakat mudofaa vaziri Yyeppe Brus va Farer orollari tashqi ishlar hamda baliqchilik vaziri Bardur a Steyg Nilsen joriy yildan boshlab orollarda va ularning atrofida harbiy faollikni kuchaytirish hamda hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Ushbu kelishuvga binoan, Daniya Qurolli kuchlari Farer orollari va ularga tutash hududlardagi ishtirokini mahalliy hokimiyat bilan hamkorlikda bosqichma-bosqich va muntazam ravishda oshirib boradi.

Yyeppe Brusning ta’kidlashicha, bu qaror Daniya qirolligining o‘z hududining barcha qismlari xavfsizligi uchun mas’uliyatni jiddiy qabul qilayotganini ko‘rsatadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur choralar Arktikadagi umumiy mudofaa salohiyatini oshirishga qaratilgan keng qamrovli dasturning bir qismi bo‘lib, NATO faoliyatiga ham hissa qo‘shadi.

Daniya Mudofaa vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, kengaytirilayotgan faoliyat Daniya Qurolli kuchlari va Farer orollarining dengiz chegaralarini muhofaza qiluvchi VØRN xizmati o‘rtasida qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazish, NATOning dengiz operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash, F-35 qiruvchi samolyotlari ishtirokida havo patrullarini amalga oshirish, shuningdek, fregatlar va transport samolyotlarini jalb qilishni o‘z ichiga olishi mumkin.

Farer orollari vaziri Bardur a Steyg Nilsen xavfsizlikka oid barcha tashabbuslar mahalliy hokimiyat bilan yaqin hamkorlikda ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi muhimligini ta’kidladi.

Harbiy faollik Daniyaning Arctic Endurance mashg‘ulotlari doirasida amalga oshirilishi va NATO rahbarligidagi Arctic Sentry operatsiyasi bilan muvofiqlashtirilishi ma’lum qilindi.

Bloomberg agentligi qayd etishicha, bu qaror Daniyaning Grenlandiyadagi harbiy ishtirokini sezilarli darajada oshirganidan so‘ng qabul qilinmoqda. So‘nggi oylarda Kopengagen u yerda harbiylar sonini, mashg‘ulotlar ko‘lamini va texnika hajmini ko‘paytirgan.

Daniya TV 2 telekanali ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat hukumati Rossiya tomonidan Yevropa xavfsizligiga nisbatan harbiy tahdid saqlanib qolayotgani haqida ogohlantirmoqda. Shuningdek, 2022-yilda Daniya va Farer orollari Streymoy orolida yirik radiolokatsiya majmuasini qurishga kelishgan. Uni 2030-yil atrofida ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, majmua Atlantika okeanining shimoliy qismidagi havo va dengiz harakatini, jumladan Rossiya samolyotlari hamda kemalarini kuzatish imkonini beradi.

Farer orollari Daniya tarkibidagi avtonom hudud hisoblanadi. Shimoliy Atlantika okeanida joylashgan arxipelag 18 ta vulqon orolidan iborat.

rossiyaxavfsizliknatomudofaadaniyaarktikafarer orollariharbiy faollik