Dunyo

Yevropada yadroviy tiyib turish tizimi kengayishi mumkin

NATO Rossiyadan kelayotgan xavf ortib borayotganini inobatga olgan holda Yevropada yadroviy tiyib turish tizimini kengaytirish imkoniyatini muhokama qilmoqda. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yanada keskinlashsa, Polsha, Finlandiya va Litva hududida qo‘shimcha yadroviy qurol joylashtirilishi mumkin.

Yevropada yadroviy tiyib turish tizimi kengayishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Dpa agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, bu strategik emas, balki notrategik (taktik) yadroviy qurollarga tegishli. Bunday qurollar asosan qo‘shinlar, aerodromlar, portlar, qo‘mondonlik punktlari va boshqa harbiy infratuzilma ob’yektlariga qarshi qo‘llash uchun mo‘ljallangan. Ular qiruvchi samolyotlar yoki qanotli raketalar orqali yetkaziladi va strategik yadroviy qurollarga nisbatan quvvati pastroq hisoblanadi.

Avvalroq NATO bosh kotibi Mark Ryutte ham agentlikka bergan intervyusida Yevropada qo‘shimcha AQSh yadroviy qurollarini joylashtirish ehtimolini istisno etmagan edi. Biroq u bu boradagi muzokaralar tafsilotlarini ochiqlamagan. Mark Ryutte shunday degan: «Biz hech kim NATOga yadroviy zarba berib, javobsiz qolishi mumkin emasligiga ishonch hosil qilishimiz kerak».

Ma’lumotlarga ko‘ra, Sovuq urush tugaganidan keyin Yevropa hududida AQShning taxminan 100 ta B61-12 turidagi yadroviy bombasi saqlanib qolgan. Ular NATOning Nuclear Sharing dasturi doirasida Germaniya, Belgiya, Italiya, Niderlandiya va Turkiyadagi oltita aviabazaga joylashtirilgan.

Shu bilan birga, ayrim davlatlar qonunchiligida ham o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Litva prezidenti Gitanas Nauseda mamlakat NATOning yadroviy tiyib turish tizimiga qo‘shilishga tayyorligini bildirgan, ammo hozircha tinchlik davrida mamlakat hududiga yadroviy qurol joylashtirish rejasi yo‘qligini ta’kidlagan.

Finlandiyada esa iyun oyi oxirida qabul qilingan «Atom energiyasi to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlar mamlakat hududiga yadroviy qurol olib kirish va uni joylashtirishga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi. Mazkur o‘zgartishlar 1 iyuldan kuchga kirgan.

finlandiyanatolitvamudofaayevropaaqshyadroviy quroltaktika yadroviy qurol