AQSH–Saudiya yadroviy kelishuvi: Vashington Yaqin Sharqdagi strategiyasini oʻzgartiryaptimi?

AQSH va Saudiya Arabistoni oʻrtasida tinch maqsadlardagi yadro dasturini rivojlantirishga qaratilgan tarixiy kelishuv imzolandi. Ushbu bitim Fors koʻrfazi qirolligiga oʻz hududida uranni boyitish imkoniyatini berishi mumkinligi haqidagi xabarlar Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanati va yadroviy xavfsizlik borasida yangi savollarni keltirib chiqarmoqda. Isroil Eronning uranni boyitish dasturini oʻz milliy xavfsizligiga tahdid deb biladi va Turkiyaning yadroviy salohiyatining oshishiga ham ehtiyotkorlik bilan qaraydi. Shu bois, Vashingtonning Ar-Riyodga bunday imkoniyatni taqdim etishi Isroil tomonidan qanday qabul qilinishi va Saudiya Arabistonining kelajakda yadro quroli yaratish salohiyatiga ega boʻlishi mumkinligi muhim masalalar boʻlib qolmoqda.
**Tarixiy kelishuv tafsilotlari**
2026-yil 22-iyul kuni AQSH Energetika vaziri Kris Rayt va Saudiya Arabistoni energetika vaziri Abdulaziz ibn Salmon fuqarolik maqsadlarida yadroviy energetikani rivojlantirish boʻyicha hamkorlik bitimini imzoladilar. AQSH Energetika vazirligi ushbu hujjatni "tinch maqsadlardagi yadroviy hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim" deb ta’rifladi. Vazirlikning ta’kidlashicha, bu kelishuv Amerika kompaniyalariga Saudiya Arabistonining yadro energetikasi dasturida keng ishtirok etish imkonini beradi.
Kelishuv matni hozircha ommaga e’lon qilinmagagan boʻlsa-da, AQSH ommaviy axborot vositalari uning Saudiya Arabistoniga kelajakda uranni boyitishga ruxsat berishi mumkinligini xabar qilmoqda. Boyitilgan uran atom elektr stansiyalari uchun yoqilgʻi sifatida ishlatiladi, ammo undan yadro quroli yaratishda ham foydalanish mumkin. Mutaxassislarning fikricha, agar bu bitim tasdiqlansa, AQSH tarixida ilk bor shunday amaliyot kuzatiladi va bu allaqachon beqaror boʻlgan mintaqada yadroviy qurollanish xavfini kuchaytirishi mumkin.
AQSH Energetika vazirligi yadroviy hamkorlik bitimi bilan bir qatorda ikki tomonlama kafolatlar toʻgʻrisidagi bitim ham imzolanganini ma’lum qildi. Vazirlikning bayonotiga koʻra, "mazkur ikki bitim oʻnlab yillarga moʻljallangan, qiymati milliardlab dollarga teng hamkorlik uchun huquqiy asos yaratadi. Bu hamkorlik iqtisodiy va strategik ustuvor maqsadlarni, jumladan yadroviy qurol tarqalishining oldini olishga qaratilgan vazifalarni ilgari suradi".
Saudiya Arabistoni hukumati ham ushbu kelishuv ikki davlat oʻrtasidagi energetika sohasidagi mavjud hamkorlikning davomi ekanini ta’kidladi. Shuningdek, bitim Saudiya yetakchisining oʻtgan yil noyabr oyida Vashingtonga qilgan tashrifidan keyingi hamkorlikning mantiqiy davomi ekani qayd etildi.
**Eron omili va uranni boyitish masalasi**
Yadro masalasi soʻnggi oylarda AQSH, Isroil va Eron oʻrtasidagi qarama-qarshilikning asosiy mavzularidan biri boʻlib kelmoqda. AQSH va Isroil fevral oyida Eronga qarshi uyushtirilgan hujumlarning sabablaridan biri sifatida Tehronning hech qachon yadro quroliga ega boʻlishiga yoʻl qoʻymaslikni koʻrsatgan. Eron esa oʻzining yadroviy dasturi faqat tinch maqsadlarga xizmat qilishini ta’kidlab, yadro quroli yaratish niyati borligini muntazam ravishda rad etib keladi.
Saudiya Arabistonining amaldagi rahbari, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon 2018-yilda CBS News telekanaliga bergan intervyusida mamlakati yadro qurolini yaratishni rejalashtirmayotganini aytgan edi. Ammo u "hech qanday shubha yoʻqki, agar Eron yadro bombasini yaratsa, biz ham imkon qadar tezroq shu yoʻldan boramiz", deya qoʻshimcha qilgan.
Kelishuv haqida rasmiy e’lon AQSH va Eron oʻrtasidagi harbiy keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda yangradi. Vashington uzoq yillik ittifoqchisi boʻlgan Saudiya Arabistonida Amerika harbiy bazalari joylashgan boʻlib, Yaqin Sharqda yuz berayotgan urushda ular Eron nishoniga aylanmoqda. Bundan tashqari, e’lon Yamandagi Eron tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan husiylar Saudiya Arabistoniga nisbatan "dengiz blokadasi" boshlanganini ma’lum qilganidan ikki kun oʻtib yangradi.
Kelishuv tafsilotlari hali toʻliq oshkor qilinmagan. Ammo avvalroq OAVda tarqalgan xabarlarga koʻra, AQSH bilan qoʻshma texnik tadqiqotlardan soʻng Saudiya Arabistoniga oʻz hududida uranni boyitishga ruxsat berilishi mumkin. Rejaga koʻra, Amerika texnologiyasi asosida quriladigan boyitish majmuasi atom elektr stansiyalari uchun yoqilgʻi ishlab chiqaradi. Shu tariqa Saudiya Arabistoni chetdan yadro yoqilgʻisi import qilishga qaram boʻlib qolmaydi. Bunday loyiha AQSH uchun milliardlab dollarlik iqtisodiy foyda keltirishi mumkin. Chunki Amerika kompaniyalari uranni boyitish zavodlarini qurish va ularga texnologiyalar yetkazib berishda ishtirok etadi.
AQSH energetika vaziri Kris Raytning ta’kidlashicha, "ishonch bilan ayta olamanki, ushbu bitimlar yadroviy xavfsizlik va yadro quroli tarqalishining oldini olish boʻyicha eng yuqori standartlarga amal qiladi. Shu bilan birga, ular AQSHda yaratilgan dunyoning eng ilgʻor yadroviy texnologiyalari va olimlariga tayanadi".
**Isroil nimadan xavotirda?**
AQSH Energetika vazirligi mazkur kelishuv nafaqat ikki davlat manfaatlariga, balki mintaqaviy xavfsizlikka ham xizmat qilishini ta’kidladi. Vazirlik bayonotida bitim AQSHning fuqarolik maqsadidagi yadroviy texnologiyalar sohasidagi raqobatbardosh ustunligini mustahkamlashi, shuningdek, Amerika va mintaqa xavfsizligini yanada kuchaytirishi qayd etilgan.
Biroq Isroildagi yadro masalalari boʻyicha mutaxassislar hamda ayrim sobiq amaldorlar bu reja oxir-oqibat Saudiya Arabistoniga yadro quroli yaratish imkoniyatini berishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. Shu bilan birga, boshqa ekspertlar bunday ssenariy amalga oshishi uchun oʻnlab yillar talab etilishi va xalqaro hamjamiyatning jiddiy qarshiligiga duch kelishini ta’kidlamoqda.
Saudiya Arabistonining yadroviy salohiyati haqida gap ketganda, yana bir muhim omil koʻpincha e'tibordan chetda qoladi. Bu — Ar-Riyodning Pokiston bilan uzoq yillik strategik hamkorligidir. Pokiston islom dunyosidagi yagona yadro quroliga ega davlat boʻlib, ikki mamlakat oʻrtasidagi yaqin harbiy va siyosiy aloqalar uzoq yillardan beri Gʻarb tahlilchilari e’tiborida. Ayrim ekspertlar Saudiya Arabistoni oʻz yadroviy dasturini rivojlantirish jarayonida ushbu hamkorlik qoʻshimcha strategik omil boʻlishi mumkinligini taxmin qiladi. Biroq Saudiya va Pokiston oʻrtasida yadro qurollari boʻyicha maxfiy kelishuv mavjudligini tasdiqlovchi ishonchli dalillar hozircha yoʻq.
Isroil iqtisodiyot vaziri Nir Barkat bu borada "agar Saudiya Arabistoni yadro energetikasidan faqat tinch maqsadlarda foydalansa, biz buni boshqara olamiz", dedi. Isroilning oʻzi ham yadro quroliga ega davlat sifatida keng e’tirof etiladi. Biroq mamlakat rasmiylari bu boradagi siyosatini oʻzgartirmagan — ular yadro quroliga egaligini na tasdiqlaydi, na inkor etadi.
AQSHdagi Defense Priorities tahlil markazining Yaqin Sharq dasturi direktori Rozmari Kelanik esa AQSH Saudiya Arabistoniga uranni oʻz hududida boyitish imkonini berishi ehtimolini "juda hayratlanarli" deb baholadi. Uning soʻzlariga koʻra, "AQSH ilgari hech qachon boshqa davlatga oʻz hududida uranni boyitishda yordam bermagan", chunki "agar davlat oʻz yadroviy yoqilgʻisini mustaqil ishlab chiqara olsa, uning kelajakda yadro quroli yaratish xavfi sezilarli darajada ortadi".
Kelishuv endilikda AQSH Kongressi koʻrib chiqishi uchun yuboriladi.
**Kongressdagi bahslar va siyosiy qarama-qarshilik**
Qonunchilar orasida demokratlar ham, ayrim respublikachilar ham bitimga qarshi chiqishi kutilmoqda. Biroq Donald Trampning Respublikachilar partiyasi Kongressning har ikkala palatasida ham koʻpchilikni tashkil etgani sababli, kelishuvni toʻxtatish uchun muxoliflarda yetarli ovoz boʻlmasligi aytilmoqda.
AQSH davlat kotibi Marko Rubio Saudiya Arabistoni kelajakda yadro quroli yaratishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni rad etdi. U "AQSH dunyoning hech bir davlati bilan yadroviy qurol tarqalishi xavfini yuzaga keltiradigan kelishuvni imzolamaydi", degan.
Biroq demokrat senatorlar bu masalada Rubioni ikkiyuzlamachilikda ayblamoqda. Ularning eslatishicha, Rubio senator boʻlgan paytda "Saudiya Arabistoni uchun yadroviy qurolga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisidagi qonun" (No Nuclear Weapons for Saudi Arabia Act)ni qoʻllab-quvvatlagan. Mazkur qonun Saudiya bilan har qanday yadroviy bitim Kongress tasdigʻidan oʻtishini talab qilgan.
Massachusets shtatidan demokrat senator Edvard Marki Tramp va Rubioni keskin tanqid qilib, shunday dedi: "Ular Eronga qarshi urushni goʻyoki Eronning yadro bombasiga ega boʻlishining oldini olish bahonasida boshladi. Shu bilan birga, endi Saudiya Arabistoniga yadro texnologiyalarini rivojlantirish imkoniyatini bermoqda. Ularning ikkiyuzlamachiligi faqat beparvoligi bilan tenglasha oladi".
Agar kelishuv Saudiya Arabistoniga uranni boyitish huquqini ham bersa, u 2009-yilda AQSH va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasida imzolangan bitimdan tubdan farq qiladi. Oʻsha kelishuvga koʻra, BAA oʻz hududida uranni boyitmaydi, yadro yoqilgʻisini chetdan sotib oladi va qator qoʻshimcha cheklovlarni qabul qilgan. Shu sababli yangi kelishuv yadroviy qurollarning tarqalishiga qarshi kurashuvchi xalqaro tashkilotlar va faollar orasida ham jiddiy xavotir uygʻotishi kutilmoqda. Ularning asosiy maqsadi dunyoda yadro quroliga ega davlatlar sonining ortib ketishining oldini olishdir.
**Ekspertlar fikri**
Siyosatshunos Muxtor Nazirov "Daryo" nashriga bergan intervyusida Saudiya Arabistonining uranni boyitish imkoniyatiga ega boʻlishi kelajakda Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanatiga sezilarli ta’sir koʻrsatishi mumkinligini ta’kidladi. Uning fikricha, agar Ar-Riyod boyitilgan urandan tinch maqsadlardangina emas, boshqa yoʻnalishlarda ham foydalanishga qaror qilsa, bu mintaqadagi strategik vaziyatni tubdan oʻzgartirishi ehtimoldan xoli emas.
"Uran masalasi doimo eng nozik va bahsli mavzulardan biri boʻlib kelgan. Asosiy savol shundaki, uran atom elektr stansiyalari uchun yoqilgʻi ishlab chiqarish maqsadida boyitiladimi yoki kelajakda boshqa maqsadlarga ham xizmat qilishi mumkinmi? Agar ikkinchi ehtimol yuzaga kelsa, bu Yaqin Sharqda shakllangan xavfsizlik muvozanatini jiddiy oʻzgartirishi mumkin", dedi u.
Nazirovning ta’kidlashicha, bugungi kunda mintaqada harbiy ustunlik asosan Isroil tomonida. "Shunday ekan, Isroilni tan olmagan va u bilan gʻoyaviy qarama-qarshilikka ega boʻlgan Saudiya Arabistoniga uranni boyitish imkoniyatining berilishi tabiiy ravishda savollarni keltirib chiqaradi. Agar bu loyiha “Saudiya Vision” dasturi doirasida atom energetikasini rivojlantirish va mamlakatning energiya ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilsa, buni tushunish mumkin. Ammo uran bilan bogʻliq masalalar deyarli har doim urush, xavfsizlik va mintaqaviy raqobat fonida kun tartibiga chiqadi. Bu safar ham vaziyat bundan mustasno", deya qoʻshimcha qildi u.
Mutaxassisning baholashicha, mazkur loyiha nafaqat AQSH va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi strategik hamkorlik, balki valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon hamda AQSH prezidenti Donald Tramp oʻrtasidagi yaqin siyosiy aloqalar ta’sirida ham ilgari surilmoqda. Shu bois loyiha Tramp ma’muriyati davrida jadal rivojlanishi mumkin, biroq AQSHda hokimiyat almashsa, uning istiqbollari qayta koʻrib chiqilishi ehtimoli mavjud.
"Yana bir jihat shundaki, Saudiya Arabistoni ulkan moliyaviy salohiyatga ega boʻlishiga qaramay, xavfsizlik masalasida hanuz AQSHga tayanishga majbur. Eron omili, Husiylar tahdidi va Hormuz boʻgʻozi atrofidagi vaziyat Ar-Riyodning strategik zaifliklarini namoyon etmoqda. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, bu kelishuv nafaqat AQSH va Saudiya Arabistoni manfaatlari, balki Muhammad bin Salmon hamda Donald Tramp oʻrtasidagi yaqin siyosiy aloqalar ta’sirida ilgari surilayotgan loyiha taassurotini ham uygʻotadi. Ehtimol, Tramp prezidentligi davrida loyiha faol rivojlanar, biroq hokimiyat almashgach uning istiqboli qayta koʻrib chiqilishi mumkin. Chunki bu masala ortida hanuz yechilmagan fundamental geosiyosiy qarama-qarshiliklar mavjud", deya fikr bildirdi siyosatshunos.
Mutaxassis bu jarayonda Isroil omilini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerakligini qayd etdi. Uning aytishicha, agar mintaqaviy xavfsizlik boʻyicha keng qamrovli kelishuv yuzaga kelsa, Saudiya Arabistoni Isroilning yadroviy maqomiga aniqlik kiritilishini ham kun tartibiga qoʻyishi mumkin. Hozir Isroil yadro quroliga egaligini na tasdiqlaydi, na inkor etadi. Bu esa mintaqadagi noaniqlikni saqlab turuvchi omillardan biri hisoblanadi.

