Ittifoqchilarsiz urush: AQSh nega zarbalarni to‘xtatdi?
AQSh ikki haftalik intensiv zarbalardan so‘ng Eronga hujumlarini pauzaga qo‘ydi. Tahlilchilarga ko‘ra, bunga birinchi navbatda qisqa muddatda katta hajmdagi harbiy resurslar sarflangani sabab bo‘lgan. Qolaversa, AQShning bu mojaroda ittifoqchilar tarmog‘iga ega emasligi, Yaman husiychilarining faollashuvi va mojaroning Iroqqa ham kengayish xavfi kabi omillar majmuyi ham rol o‘ynagan.

**Ittifoqchilarsiz urush: AQSh nega zarbalarni to‘xtatdi?**
"Geosiyosat" dasturida siyosatshunoslar Jahongir Akramov va Kamoliddin Rabbimov AQShning Eronga qarshi zarbalarni to‘xtatish sabablari haqida fikr bildirishdi.
**AQSh nega Eronni bombalashni to‘xtatdi?**
**Jahongir Akramov:**
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh Eron ustidan intensiv hujumlar natijasida katta miqdorda qurol-yarog‘ zaxiralarini sarflab yuborgan. Bu esa nafaqat Yaqin Sharqdagi, balki boshqa mintaqalardagi zaxiralarning ham ushbu hududga yo‘naltirilishiga olib kelgan. Aprel oxirida faol jangovar harakatlar to‘xtatilguniga qadar ham katta hajmdagi harbiy resurslar ishlatilgani ma’lum qilingan.
Shundan so‘ng AQShning o‘zidan, Lotin Amerikasi hamda Sharqiy Osiyodagi bazalardan Yaqin Sharqqa qurol-yarog‘ tashuvchi kemalar yo‘naltirilgani qayd etilgan. Bu holat AQShning dunyo bo‘ylab 800 dan ortiq harbiy bazalaridagi umumiy zaxira muvozanatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ikkinchi muhim omil esa ittifoqchilar masalasi. AQSh bu mojaroda Iroq va Afg‘onistondagi kabi keng ko‘lamli ittifoqchi tarmog‘iga ega emas va deyarli yakka harakat qilmoqda. Harbiy doiralar ham Oq uyni ochiq ogohlantirib, zarbalarni davom ettirish mumkinligini, biroq bu keyingi bosqichda ko‘proq zarar keltirishi va boshqa mintaqalarda, xususan Xitoyga nisbatan bosim o‘tkazish imkoniyatlarini cheklab qo‘yishini ta’kidlamoqda. Shu omillar fonida Donald Tramp ma’lum darajada chekinishga majbur bo‘ldi, degan xulosa qilinadi.
Biroq qarorga yana bir muhim sabab, Yaman husiychilarining Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi atrofidagi faolligi bo‘ldi. Ularning Saudiya Arabistoni neft infratuzilmasiga zarbalari va Qizil dengizni blokada qilishga urinishlari vaziyatni yanada keskinlashtirdi. Natijada turli omillar yig‘indisi AQShni harbiy bosimni pasaytirib, diplomatik yo‘lga imkon berishga undadi.
Rasmiy bayonotlarda Eron tomonidan muzokaralarni qayta tiklash bo‘yicha murojaatlar bo‘layotgani ham tilga olinmoqda. Biroq ko‘plab mutaxassislar asosiy sabab baribir harbiy cheklovlar ekanini ta’kidlashmoqda, agar bu omillar bo‘lmaganida zarbalar davom etishi ehtimoli yuqori edi.
**Kamoliddin Rabbimov:**
Asosiy muammo shundaki, Donald Trampning Eron ustidan aniq va yakuniy g‘alabaga olib boradigan strategiyasi mavjud emas. Hozir uning oldida bir nechta ssenariy turibdi. Birinchisi, keng ko‘lamli urush. Biroq bu variant amalda deyarli imkonsiz. Chunki hatto urush boshlansa ham, Eronning siyosiy tizimi tez va kafolatli qulashiga ishonch yo‘q. Qolaversa, AQShning o‘zi ham bunday katta urushga to‘liq tayyor emas.
Ikkinchi variant – zarbalarni davom ettirish. So‘nggi oylarda AQSh va qisman Isroil tomonidan Eronga qarshi minglab, taxminan 20 mingga yaqin zarba berilgani aytilmoqda. Shunga qaramay, Eron zararlangan infratuzilmani juda tez tiklayapti. Hatto G‘arb va Isroil razvedkasi ayrim ob’yektlar oylar davomida tiklanadi deb baholagan bo‘lsa-da, ular bir necha kun ichida qayta ishga tushirilgani qayd etilgan. Bu esa qimmatbaho tizimlar – masalan, THAAD yoki Patriot kabi mudofaa vositalarini qo‘llash samaradorligi haqida savollarni kuchaytiradi.
Asl maqsad Eronga bosim o‘tkazish va uni qo‘rqitish edi. Ammo amaliy natijalar shuni ko‘rsatmoqdagi, Eron bunday bosimdan chekinadigan davlat emas.
Tarixiy misollar ham buni tasdiqlaydi: Vyetnam yillar davomida bombardimon qilingan bo‘lsa-da, taslim bo‘lmadi; Afg‘oniston 20 yil davomida urush maydoni bo‘ldi, ammo “Tolibon” oxir-oqibat yana hokimiyatga qaytdi, Iroqda esa rejim tez qulagan bo‘lsa-da, keyinchalik murakkab va beqaror muhit yuzaga keldi.
Bugungi vaziyatda yana bir muhim omil – konfliktning kengayish xavfi. Yaman husiylari allaqachon mojaroga qo‘shildi. Iroqda aholining katta qismi shialardan iborat bo‘lib, ular Eron bilan yaqin aloqada. Mojaro boshidayoq ayrim diniy yetakchilar AQShga qarshi kurashga chaqiriqlar bilan chiqqan. Saudiya Arabistoni va boshqa mintaqaviy ittifoqchilar ham xavotir bildirib, turli yo‘nalishlardan hujumlar haqida bayonotlar bermoqda. Bu esa butun mintaqani kengroq urush girdobiga tortib ketish xavfini oshiradi. Bunday vaziyat AQShning geostrategik manfaatlariga mos kelmaydi.
Natijada Tramp oldida uchinchi yo‘l, siyosiy chiqish varianti qoladi. Ya’ni “maqsadga erishildi” deya e’lon qilib, bosqichma-bosqich chekinish. Ammo real vaziyatda aniq g‘alaba yo‘qligi ham ayon. Eron esa bir necha bor ogohlantirib, o‘ziga qarshi har qanday zarbaga AQShning mintaqadagi ittifoqchilarini nishonga olib javob qaytarishini bildirgan. Bu signallarni arab davlatlari ham jiddiy qabul qilib, Vashingtonga bosim o‘tkazmoqda. Natijada Tramp uchun mojaroni amerikalik saylovchilarga “sotsa bo‘ladigan” tarzda yakunlash masalasi tobora murakkablashib bormoqda.
Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

